Asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan bojxona bojining nol stavkasi boʻyicha muddat uzaytirildi
Ushbu Farmon 2026 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiradi.

Prezidentning 2025 yil 30 dekabrdagi PF-269-sonli Farmoni imzolandi.
Ushbu hujjat aholini asosiy isteʼmol mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash va iqtisodiyot tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Unga koʻra, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan ayrim turdagi tovarlarga belgilangan bojxona bojining nol stavkalarini qoʻllash muddati 2027 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.
Vazirlar Mahkamasi ichki bozordagi vaziyatdan kelib chiqib, bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladigan tovarlar roʻyxatiga oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflar kiritib boradi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab respublikaga olib kiriladigan quyidagi tovarlar bojxona bojidan ozod qilinadi:
Elektromobillar uchun: quvvatlantirish stansiyalari va ularning servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar (2028 yil 1 yanvargacha).
Ipakchilik sohasida: pilla yigirish va toʻqish dastgohlari ehtiyot qismlari, tut urugʻi va koʻchatlari, ipak qurti urugʻlari (2028 yil 1 yanvargacha).
Baliqchilik sohasida: respublikada ishlab chiqarilmaydigan nasldor ona baliq, uvuldiriq, lichinka va baliq yetishtirish uchun maxsus uskunalar (2029 yil 1 yanvargacha).
Transport sohasida: avtobuslar va elektrobuslarga xizmat koʻrsatish uchun texnologik asbob-uskunalar va ehtiyot qismlar (2029 yil 1 yanvargacha).
Ekologiya sohasida: chiqindilarni utilizatsiya qilish va biologik chiriydigan polimer materiallar ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan maxsus texnika va uskunalar (2031 yil 1 yanvargacha).
2026 yildan 2031 yilga qadar chiqindilarni toʻplash, saralash va qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi (daromadlarining kamida 90 foizi shu sohadan boʻlgan) tadbirkorlar uchun foyda soligʻi va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilandi.
Ushbu Farmon 2026 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiradi. Uning ijrosini tashkil qilish va nazorat qilish Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatildi.