Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilgani aytildi
Vladimir Zelenskiy hujumni inkor etib, bu voqeani tinchlik muzokaralarida erishilgan barcha yutuqlarga putur yetkazishga qaratilgan urinish deb atadi.

Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilgani aytildi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina 28-29 dekabrga oʻtar kechasi Novgorod viloyatidagi Putinning qarorgohiga dronlardan hujum qilganini eʼlon qildi. U buni "terroristik hujum" deb atadi va barcha dronlar yoʻq qilinganini va hech kim qurbon boʻlmaganini taʼkidladi.
"Bunday harakat javobsiz qolmaydi. Rossiya Qurolli Kuchlari javob zarbalari uchun nishonlarni va ularni amalga oshirish vaqtini aniqladi", dedi Lavrov.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Rossiya Qoʻshma Shtatlar bilan muzokaralardan chiqish niyatida emas. Biroq, voqeani inobatga olgan holda, "Rossiyaning muzokara pozitsiyasi qayta koʻrib chiqiladi".
Oʻz navbatida Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bu voqeani tinchlik muzokaralarida erishilgan barcha yutuqlarga putur yetkazishga qaratilgan soxta maʼlumot deb atadi. Uning taʼkidlashicha, bu Ukrainaga, xususan, Kiyevga qilingan zarbalarni oqlash va urushni tugatish uchun zarur choralarni koʻrmaslik uchun qilingan.
Ayni paytda, Tramp va Putin bugun telefon orqali gaplashdilar. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ushbu suhbat mazmunini bayon qilib, Amerika tomoni Rossiya prezidentiga kecha Mar-a-Lagoda Ukraina delegatsiyasi bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar natijalari haqida "batafsil" maʼlumot berganini maʼlum qildi.
Shuningdek, Ushakovning soʻzlariga koʻra, Putin Trampga Novgorod qarorgohiga qilingan hujum haqida gapirib bergan. Kreml xabariga koʻra, Tramp bundan "shokka tushgan".
Amerika tomoni esa hali tafsilotlarga toʻxtalmagan. Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt faqat suhbat Ukrainaga tegishli ekanligini va "ijobiy" boʻlganini aytdi.