platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev va Gurbanguli Berdimuhamedovlar bilan suhbatlashdi

Yetakchilar bir-birlarini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklab, qardosh xalqlarga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar. 

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev va Gurbanguli Berdimuhamedovlar bilan suhbatlashdi

29 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida yetakchilar bir-birlarini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklab, ikki mamlakatning qardosh xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar. Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham samimiy salomini yoʻlladi.

Oʻzbekiston – Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlar doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Barcha darajalardagi muloqotlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi jadal oʻsib bormoqda. Energetika, sanoat, qishloq va suv xoʻjaligi, transport sohalarida hamkorlik kengaymoqda. “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi ishga tushirildi. Hududlararo, ishbilarmonlik, madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.

Mintaqaviy hamkorlikning asosiy masalalari ham muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Avazada yirik sammitlar, Ashxobodda Turkmaniston betarafligining 30 yilligi hamda “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” munosabati bilan tashkil etilgan forum muvaffaqiyatli oʻtkazilganini alohida taʼkidladi.

Kelgusi yilda boʻlajak uchrashuvlar rejasi koʻrib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy tadbirlarni birgalikda oʻtkazishni davom ettirishga kelishib olindi.

Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni Qozogʻiston Respublikasi birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida mamlakatimiz yetakchisi va Qozogʻistonning birinchi Prezidenti yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, qardosh mamlakatlarimiz xalqlariga tinchlik, barqarorlik va ravnaq tilaklarini izhor etdilar.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yuksak darajaga chiqqani, shuningdek, koʻp qirrali hamkorlik barcha ustuvor sohalarda izchil rivojlanayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid