Qumqoʻrgʻon va Oltinsoy tumanlariga hokim tayinlandi
Shu kungacha Qumqoʻrgʻon tumani hokimi sifatida faoliyat yuritib kelgan Anvar Normamatov boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan.

Qumqoʻrgʻon tumaniga yangi hokim tayinlandi.
Bugun Xalq deputatlari Qumqoʻrgʻon tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrib chiqildi. Shu kungacha Qumqoʻrgʻon tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Anvar Normamatov boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani maʼlum qilindi.
Viloyat hokimi tomonidan tuman hokimi lavozimiga Xoliqov Farrux Omonovich nomzodi taklif etildi. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan maʼqullandi. Farrux Xoliqov Milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etilgan.
Maʼlumot uchun, Farrux Xoliqov 1985 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tugʻilgan. U 2009 yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2016 yilda Bosh prokuratura oliy oʻquv kursini huquqshunoslik mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida prokuratura organlarida turli lavozimlarda, jumladan, Uzun va Shoʻrchi tumanlari prokurori sifatida ishlagan. Tayinlovga qadar Denov tumani prokurori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Shuningdek, Oltinsoy tumaniga yangi hokim tayinlandi.
Bugun Xalq deputatlari Oltinsoy tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiya davomida tashkiliy masala koʻrib chiqildi. Shu kungacha Oltinsoy tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Baxrom Maxmatraimov boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani maʼlum qilindi.
Viloyat rahbari tuman hokimi lavozimiga Milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etilgan Mavlyanov Otabek Rustamovich nomzodini taklif etdi. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan maʼqullandi.
Maʼlumot uchun, Otabek Mavlyanov 1980 yilda Termiz tumanida tugʻilgan. 2001 yilda Termiz davlat universitetini moliya yoʻnalishi boʻyicha tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida mahalliy hokimliklar hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari markazi tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Jumladan, Termiz tumani hokimining oʻrinbosari, viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. Tayinlovga qadar esa Surxondaryo viloyati Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.
