platina.uz
Jamiyat

Prezident Toshkent va Yangi Toshkentni birlashtiruvchi koʻprikni koʻzdan kechirdi

Koʻprik bir sutkada 40-50 mingta avtotransport vositasini oʻtkazish quvvatiga ega boʻladi.  Ayni paytga kelib loyihaning dastlabki qismi boshlangan. 

Prezident Toshkent va Yangi Toshkentni birlashtiruvchi koʻprikni koʻzdan kechirdi

Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi ustidan yangi koʻprik hamda metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh barpo etish ishlarini koʻzdan kechirdi.

Poytaxt va Yangi Toshkent oʻrtasida transport aloqalarini mustahkamlash, transport oqimini samarali boshqarish hamda aholi uchun qulay harakat muhitini yaratishga qaratilgan mazkur loyihalar shahar infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi koʻprik Toshkent va Yangi Toshkentni bogʻlaydi. Bir sutkada 40-50 mingta avtotransport vositasini oʻtkazish quvvatiga ega boʻladi. Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlangan boʻlib, ayni paytga kelib loyihaning dastlabki qismi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Sohil hududlari koʻkalamzorlashtiriladi, energiya tejamkor yoritish tizimlari oʻrnatiladi, piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etiladi. Shuningdek, koʻprik orqali ikki tasmali tramvay yoʻli yotqizilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentni Toshkent shahri bilan bogʻlaydigan boʻlajak metro liniyasining uzunligi 21 kilometrni tashkil etib, 9 ta zamonaviy bekatni oʻz ichiga oladi. U kuniga 230 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Liniya poytaxt metrosining mavjud tarmoqlari bilan toʻliq integratsiya qilinadi, bu esa yoʻlovchilar uchun yagona va uzluksiz transport tizimini shakllantiradi.

Davlatimiz rahbari boʻlajak liniyaning avtoturargoh bilan integratsiyalashgan bekatlaridan birining qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Metro bekati bilan integratsiyalashgan avtoturargoh 20 ming kvadrat metr maydonda barpo etiladi, unda avtomobillar, piyodalar va jamoat transporti harakati aniq ajratilib, xavfsizlik va funksionallikka ustuvor ahamiyat beriladi.

Ayni paytda hududda yer ishlari va beton quyish ishlari olib borilmoqda. Majmua 2027 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz loyihalarning Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini taʼkidlab, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, yuqori sifatda amalga oshirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid