Jizzax viloyatidagi suv resurslarini yangi dastur asosida kuzatish yoʻlga qoʻyildi
MODSNOW dasturi oʻzbekistonlik olim Abror Gʻafurov tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, hozir dunyodagi 10 dan ortiq mamlakat hamda Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida qoʻllaniladi.

2025 yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tashabbusi bilan suv resurslarini MODSNOW dasturi yordamida real-vaqt tartibida Jizzax viloyatida kuzatib borish yoʻlga qoʻyildi.
MODSNOW dasturi oʻzbekistonlik olim Abror Gʻafurov tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, hozir dunyodagi 10 dan ortiq mamlakat hamda Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida suv resurslarini kuzatish va kutilayotgan suv resurslarining miqdorini aniqlashda qoʻllanilmoqda.
Oʻzbekistonda foydalaniladigan suv resurslarining aksariyat qismi qoʻshni davlatlarda shakllanadi va mamlakatimizga daryolar orqali oqib keladi. Markaziy Osiyoda yildan yilga oʻzgarib borayotgan gidrologik tartib hududimizda suv kam boʻlgan yillarda qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Undan tashqari iqlim oʻzgarishi tufayli bahor va erta yoz oylarida qorlarning erta erishi hisobiga va yomgʻir hisobiga har xil hududlarda sel va toshqinlarning kelib chiqish ehtimoli saqlanib qolmoqda.

Joriy yilning 29 oktabr kuni Jizzax viloyatida suv resurslari monitoringini takomillashtirish mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Jizzax viloyatidagi turli tashkilotlarning vakillari ishtirok etgan mazkur seminarda MODSNOW dasturidan amalda foydalanish boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.

Shu yilning 22 dekabr kuni MODSNOW dasturi Jizzax viloyati Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havzasi boshqarmasida Zomin suv omboriga quyiladigan suv miqdorini hamda Sangzor daryosi havzasida shakllanayotgan suv miqdorini real-vaqt tartibida kuzatish uchun tatbiq etildi.
MODSNOW dasturi yordamida Jizzax viloyatida suv resurslarini boshqarishda quyidagi vazifalar yanada takomillashtiriladi:
• Jizzax viloyati Zomin suv ombori hamda Sangzor daryolaridagi suv resurslarining shakllanishi va miqdorini kunma-kun, oyma-oy real-vaqt tartibida kuzatib borish;
• bahor va yoz oylarida kutilayotgan suv miqdorini oldindan hisoblash va prognoz qilish;
• sel va toshqinlar kutiladigan hududlarni real-vaqt tartibida kuzatib borish va shu orqali tabiiy ofatlarning taʼsirini yumshatish uchun Erta ogohlantirish tizimi (Early Warning System) ga hissa qoʻshish;
• suv resurslaridan oqilona foydalanishda suv hosil boʻladigan manbadagi resurslarga tayangan holda suvdan foydalanishni yoʻlga qoʻyish.