Toshkent viloyatida kadastr xodimi qoʻlga tushdi
U Boʻstonliqdagi 8 sotix yer maydonidagi xonadonning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming dollar soʻragan.

Kadastr xodimining korrupsion harakatiga chek qoʻyildi.
Davlat kadastrlar palatasining Toshkent viloyati boshqarmasi Boʻstonliq tuman filiali xodimi mazkur tumanda joylashgan 8 sotix yer maydonidagi xonadonning kadastr hujjatlarini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda kadastr xodimi soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Qoraqalpogʻistonda soliq boshqarmasi xodimlari ushlangandi.
Ular goʻyoki 213 mln soʻmlik soliq qonunchiligi buzilganini aytib, summani kamaytirib berishni vaʼda qilishgan.