Tayvan atrofida keskinlik: Xitoy yirik harbiy mashgʻulotlarni boshladi
Soʻnggi 24 soat ichida Xitoyning ikki harbiy samolyoti va 11 ta kemasi orol atrofida qayd etilgan, Tayvan armiyasi esa yuqori ogohlik holatida turib, tezkor tayyorgarlik mashqlarini oʻtkazgan.

Xitoyning navbatdagi yirik harbiy mashgʻulotlari Tayvan atrofida keskinlikni yanada kuchaytirdi.
Bu mashgʻulotlar 2022 yildan beri Xitoy tomonidan oʻtkazilayotgan oltinchi yirik harbiy mashgʻulot boʻlib, ular Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurganidan keyin boshlangan.
Tayvan xavfsizlik xizmati yuqori martabali rasmiysining aytishicha, orol atrofida oʻnlab Xitoy harbiy kemalari va samolyotlari faoliyat olib bormoqda, baʼzilari ataylab Tayvanning qirgʻoqqa yaqin, quruqlikdan 24 dengiz mili masofadagi hududiga yaqinlashmoqda.
Bu mashgʻulotlar 2022 yildan beri Xitoy tomonidan oʻtkazilayotgan oltinchi yirik harbiy mashgʻulot boʻlib, AQSh Kongressi Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurganidan keyin boshlangan keskinlik fonida davom etmoqda. Shuningdek, Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti agar Xitoy Tayvanga hujum qilsa, Tokiodan harbiy javob boʻlishi mumkinligini aytganidan soʻng Pekinning hududiy daʼvolari boʻyicha ritorikasi ham kuchaydi.
Mashgʻulotlar AQShning Tayvanga 11,1 milliard dollarlik qurol-yarogʻ sotuvini eʼlon qilganidan 11 kun oʻtib boshlandi. Bu orol uchun tarixdagi eng katta qurol-yarogʻ paketi boʻlib, Xitoy Mudofaa vazirligi tomonidan keskin norozilikka sabab boʻldi va "qattiq choralar" koʻrilishi haqida ogohlantirildi.
Tahlilchilarning taʼkidlashicha, Pekinning odatiy harbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari bilan real hujum oʻrtasidagi farqni ajratish qiyin. Bu esa AQSh va uning ittifoqchilariga deyarli ogohlantirishsiz hujum boshlash imkonini berishi mumkin.
"Bu mashgʻulotlar Tayvan mustaqilligi tarafdorlari va tashqi aralashuv kuchlariga jiddiy ogohlantirishdir", dedi Sharqiy harbiy okrug vakili Shi I.
Tayvan hukumati mashgʻulotlarni qoraladi. Mudofaa vazirligi Facebook sahifasida Tayvan armiyasining turli qurollari, jumladan AQShda ishlab chiqarilgan HIMARS uzoq masofali raketa tizimini namoyish etuvchi video joyladi. Bu tizim zarur holatda Tayvan boʻgʻozi narigi tomonidagi Xitoyning Futszyan provinsiyasidagi nishonlarni urishi mumkin.
Tayvan sohil qoʻriqlash xizmati Xitoy sohil qoʻriqlash kuchlarining faoliyati ortidan yirik kemalar joʻnatilganini, dengiz yoʻllari va baliqchilik hududlariga zarar yetkazmaslik uchun Tayvan armiyasi bilan hamkorlik qilayotganini bildirdi.
Aviatsiya boshqarmasi esa Xitoy 30 dekabr kuni rejalashtirilgan oʻq otish mashqlari uchun Tayvan havo hududida 10 soatlik «vaqtinchalik xavfli zona» eʼlon qilganini va parvozlarni alternativ yoʻnalishlarga yoʻnaltirish ustida ishlayotganini maʼlum qildi.
Tayvan Mudofaa vazirligining soʻzlariga koʻra, soʻnggi 24 soat ichida Xitoyning ikki harbiy samolyoti va 11 ta kemasi orol atrofida faoliyat yuritgan, Tayvan armiyasi esa yuqori ogohlik holatida turib, tezkor tayyorgarlik mashqlarini oʻtkazmoqda. Bu mashqlar Xitoy mashgʻulotni toʻsatdan real hujumga aylantirishi ehtimoliga tayyorgarlik sifatida baholanmoqda.
"Qurolli kuchlarimizning barcha aʼzolari hushyorlikni saqlaydi, demokratiya va erkinlik qadriyatlarini himoya qilish uchun qatʼiy choralar koʻradi", deyiladi vazirlik bayonotida.
Harbiy keskinlikka qaramay, Tayvan fond bozori barqaror boʻlib qoldi, savdo ertalabki sessiyada 0,8 foizga oʻsib, rekord darajaga yetdi.
Tayvan Xitoyning "Tayvan Xitoyga tegishli" degan daʼvosini rad etib, orol taqdirini faqat Tayvan aholisi hal qilishi mumkinligini taʼkidlab kelmoqda.
