Poytaxt parking xizmat koʻrsatish boʻyicha ustun muzokara kuchiga ega deb topildi
Ushbu tashkilotga tovar yoki moliya bozoriga boshqa xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning kirishi uchun toʻsiqlar yaratish taqiqlanadi.

Poytaxt parking xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha ustun muzokara kuchiga ega deb eʼtirof etildi.
Bu Raqobat qoʻmitasi tomonidan olib borilgan oʻrganish natijalariga koʻra xulosa qilingan.
Joriy yilning 22 dekabr kunidan eʼtiboran ”Streetpark Systems” MChJ (Poytaxt parking) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida joylashgan pulli toʻxtab turish joylaridan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha ustun muzokara kuchiga ega deb eʼtirof etildi.
Eslatib oʻtamiz, "Raqobat toʻgʻrisidagi" Qonunning 18-moddasiga muvofiq ustun muzokara kuchiga ega deb eʼtirof etilgan xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) isteʼmolchilarning, boshqa xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, shu jumladan quyidagi harakatlari taqiqlanadi:
-tovarlarning muomalasi hajmini tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga va (yoki) isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan tarzda qisqartirish;
-isteʼmolchilarning zarur hajmdagi tovarni va lozim darajadagi sifatli tovarni olishga boʻlgan huquqlari kamsitilishiga yoʻl qoʻyish;
-shartnoma predmetiga taalluqli boʻlmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablagʻlarni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni oʻzga shaxsga oʻtkazishga doir asossiz talablarni majburan qabul qildirish;
-tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash, shu jumladan tovardan foydalanish shartlarini majburan qabul qildirish;
-shartnoma tuzishga faqat kontragent tomonidan boshqa tovarni olish yoki realizatsiya qilish yoxud kontragentning tovarni oʻzga xoʻjalik yurituvchi subʼektlardan olishdan yoki boshqa xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga realizatsiya qilishdan oʻzini tiyishi sharti bilan rozilik berish;
-tegishli tovarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish imkoniyati boʻla turib, shartnoma tuzishni asossiz ravishda rad etish;
-tovar yoki moliya bozoriga boshqa xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning kirishi uchun toʻsiqlar yaratish;
-narxlarni davlat tomonidan tartibga solish qoʻllaniladigan tovarlar uchun belgilangan narxdan ortiq haq olish yoki narxlarni davlat tomonidan tartibga solish tartibini buzish, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar yoki bepul koʻrsatilishi kerak boʻlgan xizmatlar uchun haq olish;
-boshqa xoʻjalik yurituvchi subʼektlar (raqobatchilar) tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni olishni yoki realizatsiya qilishni taqiqlash yoxud cheklash.
Avvalroq poytaxt hokimligi "rezidentlar ruxsatnomasi"ga izoh bergandi.
Koʻp qavatli uylar oraligʻi, hovlilar va toʻxtab turish taqiqlanmagan boshqa bepul hududlarda avtomobil saqlash uchun hech qanday toʻlov yoki ruxsatnoma talab qilinmaydi.