Bolgariya yangi yildan yevroga oʻtadi
Aholining 51 foizi yagona valyutaga oʻtishni qoʻllab-quvvatlasa, 45 foizi bunga qarshi. Ayrimlar narxlar oshishidan xavotirda.

Bolgariya hukumati 2026 yildan boshlab mamlakat hududida yevroni rasmiy milliy valyuta sifatida joriy etilishini rasman eʼlon qildi.
Bolgariya yevrozonaga qoʻshilishga tayyorgarlik koʻrmoqda, ammo Rossiya taʼsiridagi yolgʻon axborot xavotir uygʻotmoqda.
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning aytishicha, “yevroga tufayli Bolgariyada savdo hajmi oshadi, koʻproq investitsiyalar jalb etiladi va yanada koʻproq ish oʻrinlari hamda real daromadlar paydo boʻladi".
Yaqinda Sofiyaga tashrifi chogʻida iqtisodiyot boʻyicha komissar Valdis Dombrovskiy bu qadam Rossiyaning Ukraina bilan urushi, kuchayib borayotgan geosiyosiy tanglik va global iqtisodiy noaniqliklar sharoitida Yevropa birdamligining ahamiyatini yana bir bor koʻrsatishini aytdi.
“Koʻpgina Yevropa davlatlari, jumladan Bolgariya ham, bugungi dunyoni yolgʻiz oʻzi shakllantirish uchun juda kichik. Ular zarur siyosiy va iqtisodiy taʼsir kuchiga faqat Yevropa Ittifoqining yirik tuzilmalariga toʻliq qoʻshilish orqali ega boʻlishlari mumkin” dedi u.
Shunga qaramay, targʻib qilinayotgan foydalarga qaramasdan, bolgarlar bu borada birlashganicha yoʻq. Moliya vazirligi oʻtkazgan soʻrov natijalariga koʻra, aholining 51 foizi yagona valyutaga oʻtishni qoʻllab-quvvatlasa, 45 foizi bunga qarshi.
Iyun oyida parlamentda Yevrokomissiya Bolgariyaning yevroga qoʻshilishini maʼqullaganida janjal ham kelib chiqqan, oʻng radikal, rossiyaparast “Uygʻonish” partiyasi deputatlari minbarni toʻsib qoʻygan edi.
Sofiyada joylashgan Iqtisodiyot instituti mutaxassisi Petar Ganevning aytishicha, yevro masalasidagi boʻlinish mamlakatdagi kengroq siyosiy tanglikning belgisi.
“Bu ajablanarli emas. Mamlakat deyarli barcha masalalarda ikkiga boʻlingan” dedi Ganev. “Uzoq davom etgan siyosiy beqarorlikdan soʻng juda tajovuzkor siyosiy muhitga kelib qoldik.”
Toʻrt yil davom etgan siyosiy inqiroz, yetti marotaba oʻtkazilgan parlament saylovlari va keng tarqalgan korrupsiya hukumatga boʻlgan ishonchni yemirib, siyosiy muhitni yanada keskinlashtirdi. Dekabr boshlarida sobiq bosh vazir Rosen Jelyazkov hukumatining atigi bir yildan kam ishlagach, butun mamlakat boʻylab oʻtkazilgan korrupsiyaga qarshi norozilik namoyishlari ortidan isteʼfoga chiqdi.
Siyosiy inqiroz yevroni joriy etishga toʻsqinlik qilmasligi kutilayotgan boʻlsa-da, koʻplar oʻtish davrida narxlar keskin oshishidan qoʻrqmoqda. Oʻrtacha oylik maoshi taxminan 1100 funt sterling boʻlgan aholining katta qismi bunga chidashi qiyin boʻlishi mumkin.
Qishloq hududlari aholisi va keksalar inflyatsiyadan eng koʻp zarar koʻrishi kutilmoqda va aynan ular oʻtish jarayonidan eng koʻp qoʻrqmoqda. Garchi Bryussel bunga dalillar yoʻqligini aytgan boʻlsa-da.
Dunay boʻyi boʻylab sayr qilayotgan Vidin shahridagi 67 yoshli pensionerlar Nencho va Maya Neshevlar ham inflyatsiya ehtimoli va oilaviy byudjetga taʼsiri haqida tashvish bildirishdi.
Ganev yevroga oʻtish jarayoni silliq kechishiga ishonganini aytib, bir necha haftadan soʻng bolgarlar yangi valyutaga oʻrganib ketishini taʼkidladi. “Mamlakatimiz uchun nima boʻlishi, yevrohududda yaxshi namuna boʻlamizmi yoki yomon — bu toʻliq bizning qoʻlimizda,” dedi u.