Qoraqalpogʻistonda soliq boshqarmasi xodimlari ushlandi
Ular goʻyoki 213 mln soʻmlik soliq qonunchiligi buzilganini aytib, summani kamaytirib berishni vaʼda qilishgan.

Tadbirkorga nisbatan tamagirlik qilganlar qoʻlga olindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Soliq boshqarmasining 2 nafar bosh inspektori Nukus shahrida oziq-ovqat mahsulotlari chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyatini tekshirish davomida, goʻyoki 213 mln soʻmlik soliq qonunchiligi buzilgani aniqlanganligini aytgan. Ushbu summani 34 mln soʻmgacha kamaytirib berish evaziga MChJ rahbaridan 2 ming AQSh dollari talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, bosh inspektorlar tamagirlik yoʻli bilan 700 AQSh dollari va 15 mln soʻm pul mablagʻini oʻrtada vositachilik qilgan sobiq soliq idorasi xodimi orqali olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan uchala shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.