platina.uz
Tahlil

AQSh sanksiyasiga uchragan Datavice

Bunday vaziyat natijasida Oʻzbekiston IT-sektor imiji yomonlashadi. Ayni davrda mamlakat mintaqaviy IT-xab boʻlishni maqsad qilgan va bu yoʻlda ulkan qadamlar qoʻyilgan.

AQSh sanksiyasiga uchragan Datavice
Fotokollaj: Platina.uz

AQSh va uning ittifoqchilari Rossiyada faoliyat yurituvchi “Media Land” nomli IT-tuzilma va u bilan bogʻliq kompaniyalarga nisbatan qoʻllagan sanksiyalar doirasida Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan “Datavice” MChJ ham sanksiyalar ostiga tushdi. Bu hodisaning sabab va oqibatlarini qanday tushuntirish mumkin?

Sanksiyalar takomillashib boryapti

2014 yildan boshlab, ayniqsa, Rossiyaning 2022 yil fevral oyida Ukrainaga qarshi keng koʻlamli bosqinidan soʻng, Gʻarb bloki mamlakatlari Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan sanksion bosimni sezilarli darajada kuchaytirdi. Sanksiyalar sohaviy cheklovlar, moliyaviy operatsiyalarni taqiqlash, aktivlarni muzlatish va shaxsiy sanksiya roʻyxatlarini oʻz ichiga oladi. Ilk bosqichda sanksiyalarning maqsadi siyosiy va harbiy tusga ega boʻlib, Rossiyaning tajovuz olib borish salohiyatini zaiflashtirishga qaratilgan edi. Ammo tez orada bu choralar raqamli infratuzilma, kibermakon va sanksiyalarni chetlab oʻtishga xizmat qiluvchi tuzilmaviy kanallarni ham qamrab oldi.

2024-2025 yillardan eʼtiboran Rossiyaga qarshi sanksiya siyosati yanada chuqur va koʻp qirrali tus oldi, sifat jihatidan tubdan oʻzgardi. Ilgari asosiy eʼtibor energetika, moliya va harbiy-sanoat majmuasiga qaratilgan boʻlsa, bugun raqamli infratuzilma, kiberxavfsizlik va sanksiyalarni chetlab oʻtish yoki xalqaro kiberjinoyatlarga bilvosita koʻmak berayotgan kompaniyalar diqqat markazida turibdi. Ilk bor faqat zararli dasturlar yaratuvchilari emas, balki ularga infratuzilma taqdim etgan data-markazlar va xosting-provayderlar ham ommaviy tarzda sanksiyaga tusha boshladi.

Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan Datavice IT-kompaniyasining AQSh sanksiya roʻyxatiga kiritilishi bu tendensiyaning yaqqol misolidir.

Media Land va “oʻq oʻtmas (oʻtib boʻlmas)” (bulletproof) xosting

2025 yil 19 noyabrda AQSh Moliya vazirligi Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan hamkorlikda, Rossiyada faoliyat yurituvchi Media Land LLC kompaniyasi hamda u bilan bogʻliq bir qator IT-tuzilmalarga (ML-Cloud, Media Land Technology, Data Center Kirishi) sanksiya joriy qildi. AQShning OFAC (Office of Foreign Assets Control – Xorijiymoliyaviy aktivlar ustidan nazorat boshqarmasi) maʼlumotlariga koʻra, ushbu kompaniyalar kiberjinoiy guruhlarga server quvvatlari va tarmoq infratuzilmasini taqdim etgan.

Maʼlumot uchun, bulletproof-hosting – bu serverlar, domenlar va IP-manzillarni oʻz ichiga olgan infratuzilmaviy xizmatlar boʻlib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar murojaatlariga eʼtibor bermasdan, zararli kontentni joylashtirishga imkon beradigan xosting xizmatlari modeli hisoblanadi. Bu esa ularni zararli dasturlar, botnetlarni boshqarish markazlari, tovlamachilik saytlari va fishing platformalarini joylashtirish uchun jozibador qiladi. Aynan shu infratuzilmadan kiberfiribgarlik, DDoS-hujumlar va botnetlarni boshqarish uchun foydalanilgan. Kiberjinoiy guruhlar faoliyatini osonlashtiruvchi xosting xizmatlari koʻrsatilgan. Aynan shu serverlardan yirik “ransomware” guruhlari foydalangan, shuningdek, ular AQSh kompaniyalari va muhim infratuzilmalarga qarshi kiberhujumlarda ishlatilgan.

Media Land’ga qarshi sanksiyalar kiberjinoyatchilikni moliyaviy emas, infratuzilmaviy jihatdan izolyatsiya qilish strategiyasining bir qismi sifatida baholanmoqda.

Sanksiyalarning sabablari

Maʼlumotlarga koʻra, Media Land va u bilan bogʻliq kompaniyalar mashhur firibgarlik va tovlamachilik guruhlari (jumladan, Lockbit, BlackSuit, Play) uchun infratuzilma taqdim etgan hamda AQSh va ittifoqchi davlatlardagi muhim obʼektlarga qarshi DDoS-hujumlarni tashkil etishda ishtirok etgan.

Sanksiyalar paketiga Media Land rahbariyati vakillari, xususan, kompaniya bosh direktori Aleksandr Volosovik ham kiritilgan. OFAC maʼlumotlariga koʻra, “Yalishanda” nikneymi ostida kiberforumlarda kompaniya xizmatlarini targʻib qilgan.

Bu holat sanksiyalar endilikda faqat moliyaviy yoki savdo vositachilariga emas, balki xalqaro kiberjinoyatchilikda muhim oʻrin tutayotgan raqamli infratuzilmaga ham qaratilganini koʻrsatadi.

Aleksandr Volosovik va uning shubhali kompaniyasi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashovchi 42 yoshli Aleksandr Volosovik jahon yangiliklarining asosiy qahramoniga aylangan. Sanksiyalar mualliflari uning gʻaroyib nikneymlarini, yaʼni virtual taxalluslarini ham keltirishadi: “podzemniy1” va “Yalishanda”.

Biroq Aleksandr / “Yalishanda” haqida toʻliq, katta hajmli materialni hali 2019 yildayoq amerikalik jurnalist, The Washington Post’ning sobiq muxbiri Brayan Kreps eʼlon qilgan edi.

Kezi kelganda aytish joiz, Brayan Kreps kiberjinoyatchilik mavzusiga ixtisoslashgan jurnalist hisoblanadi va u rus tilini faqat shu sababli oʻrgana boshlagan – chunki, odatda, uning qahramonlari aynan shu tilda gaplashadi. Amerikalik jurnalistning shaxsiy blogi – “darknet”ni (qorongʻi internet) oʻrganayotgan ishqiboz-tadqiqotchining oʻziga xos solnomasiga oʻxshaydi.

Yana bir gap. “Yalishanda” kibertaxallusini amerikalik jurnalist shunday izohlagan: xitoy tilida (亚历山大) bu “Aleksandr” degan maʼnoni anglatadi. Volosovik esa Sankt-Peterburgga koʻchib kelishidan oldin uzoq vaqt Vladivostokda – Xitoy bilan chegaradosh mintaqada yashagan.

Qiziq joyi, Aleksandr bundan 7 yil avval ham ushbu sinchkov kiberdetektivning tanqidiga uchragan. Amerikalik jurnalist uni BPH (Bulletproof Hosting) xizmatlarini koʻrsatuvchi “yovuz qahramonlar” qatoriga qoʻshgan. Oddiy qilib aytganda, BPH – bu IT-jinoyatchilar uchun toʻliq erkinlik, oʻziga xos raqamli Tortuga – kiberqaroqchilar uchun qarorgoh deganidir.

Hozir AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliyaning ixtisoslashgan xizmatlari Aleksandr Volosovik va uning Media Land kompaniyasini Bulletproof Hosting’da ayblamoqda. BPH kiberjinoyatchilarga oddiy provayderlarda taqiqlangan noqonuniy faoliyatni yuritish imkonini beradi. Bunday platformalarda oʻgʻirlangan kredit kartalarini sotuvchi doʻkonlarga koʻz yumiladi, firibgarlik va tovlamachilik dasturlariga nisbatan tolerant munosabatda boʻlinadi, davlat idoralari, banklar yoki mashhur savdo tarmoqlarini taqlid qiluvchi fishing saytlar “koʻrinmas” boʻlib qoladi. “Koʻr koʻrni qorongʻuda topadi” deganlaridek, ayni shu kibermakonda kiberjinoyatchilar bir-birini topadigan ixtisoslashgan forumlar ham joylashgan. DDoS-hujumlarni tashkil etish ham shu tizimga kiradi. Qisqacha aytganda, bu oʻziga xos – “darknet”.

Agar “kiberjinoiy sindikat” degan chet el tamgʻasini chetga surib qoʻysak, uch tomonlama sanksiyaga tushgan Media Land’ning tashkiliy tuzilmasi mahalliy “SPARK Interfaks” bazasi orqali ham tushunarli boʻladi. Sankt-Peterburg shahrida Svetochnaya koʻchasida, “Grand Maket Rossiya” milliy shou-muzeyi yonida “Media Lend” MChJ (MEDIA LAND, LLC) roʻyxatdan oʻtgan. Ushbu yuridik shaxsning Leningrad viloyatining Kirishi shahrida 2 ta shuʼba korxonasi mavjud: “SOD Kirishi” MChJ (DC KIRISHI LLC) va “Media Lend Teknolodji” MChJ (MLT LLC). ML.Cloud kompaniyasi ham sanksiyalarga tushgan boʻlib, u orqali “Media Lend”ning Hongkongdagi ofisi namoyon boʻladi.

Barcha kompaniyalarning – Sankt-Peterburgdagi bosh kompaniya va Kirishidagi shuʼba korxonalarning ham yagona egasi va rahbari – Aleksandr Volosovikdir. Undan tashqari, sanksiyalar roʻyxatiga Sankt-Peterburgdan yana ikki nafar Media Land xodimi ham kiritilgan – 28 yoshli Yuliya Pankova va 33 yoshli Kirill Zatolokin.

Ochiq maʼlumotlarga koʻra, “Media Lend” kompaniyasi 2015 yildan beri Sankt-Peterburg shahrida faoliyat yuritib kelmoqda va maʼlumotlarni qayta ishlash hamda axborotni joylashtirish xizmatlariga ixtisoslashgan.

Bosh direktor Aleksandr Aleksandrovich Volosovik 2017 yildan beri kompaniyani boshqarib kelmoqda va 100 foiz ulushga ega yagona taʼsischi hisoblanadi, bu esa nazoratning toʻliq bir qoʻlda jamlanganini koʻrsatadi. Xodimlar soni 2021 yildagi 16 nafardan 2024 yilga kelib 6 nafargacha qisqargan boʻlib, bu shtatni optimallashtirish bilan izohlanishi mumkin. Kompaniya filiallar va vakolatxonalarsiz faoliyat yuritadi, tovar belgilari roʻyxatdan oʻtkazilmagan.

2024 yilda “Media Lend” kompaniyasining tushumi 50,9 mln rublni tashkil etgan boʻlib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 211 foizga oshgan. Sof foyda esa 6,5 barobarga oʻsib, 15,6 mln rublga yetgan.

Tushum hajmi boʻyicha ushbu kompaniya Sankt-Peterburg shahrida 203-oʻrinni, Rossiya miqyosida esa 1891-oʻrinni egallaydi. Bu sohadagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan (147,3 mln rubl) past. Umuman olganda, kompaniya biznes-modeli barqaror hisoblanadi, biroq joriy majburiyatlar ustidan doimiy nazorat talab etiladi.

“Media Lend”ning yuridik faolligi 2 mln rubllik umumiy summaga ega boʻlgan 5 ta arbitraj ishini oʻz ichiga oladi, ularda kompaniya javobgar sifatida ishtirok etgan; shulardan 2 tasi hali ham koʻrib chiqilmoqda. Asosiy nizolar majburiyatlarni bajarmaslik va soliq masalalari bilan bogʻliq.

Umumiy yurisdiksiya sudlarida 6 ta ish qayd etilgan boʻlib, ular asosan mulkiy va mehnat nizolaridan iborat, kompaniya esa javobgar sifatida qatnashgan. Ijro ishlari soni 654 tani tashkil etadi, ularning barchasi yakunlangan boʻlib, asosiy qismi maʼmuriy jarimalarga toʻgʻri keladi.

2025 yil 10 avgust holatiga koʻra, soliq qarzi 51,6 ming rublni tashkil etgan, 2024 yilda esa soliqlar va badallar boʻyicha jami taxminan 3 mln rubl toʻlangan. Kompaniyada direktor va taʼsischi orqali 4 ta amaldagii bogʻliqlik mavjud boʻlib, ular 3 ta yuridik shaxs va 1 ta yakka tartibdagi tadbirkor bilan bogʻlangan.

Oʻzbekiston misoli: nima uchun Datavice sanksiyaga tushdi

Rossiya kompaniyalariga qarshi sanksiyalar bilan bir vaqtda Toshkentda roʻyxatdan oʻtgan Datavice LLC kompaniyasi ham Specially Designated Nationals and Blocked Persons List (SDN) AQSh sanksiyalar roʻyxatiga kiritildi. Kompaniya Rossiyaning Aeza Group IT-tuzilmasi bilan aloqalari sababli ikkilamchi AQSh sanksiya roʻyxatiga tushgan. U Rossiya bilan bogʻliq kiberinfratuzilma sababli sanksiyalangan birinchi oʻzbek kompaniyasi sifatida tarixga kirdi.

Datavice LLC kompaniyasi OFAC sanksiyalar xavfini keltirib chiqaruvchi subʼekt sifatida baholandi. Chunki, ayrim kompaniyalar sanksiyalar ostidagi faoliyatini davom ettirish yoki taqiqlangan tashkilotlar bilan aloqalarni yashirish maqsadida nazorati nisbatan yumshoq boʻlgan mamlakatlarda tuzilmalar ochishi mumkin. Datavice holatida Oʻzbekistondagi kompaniya Aeza uchun front-tuzilma sifatida qoʻllanilgan boʻlishi mumkin.

Datavice kompaniyasi haqida maʼlumotlar

Datavice MChJ 2025 yil 3 iyulda Toshkent shahrida roʻyxatga olingan. Uning asosiy faoliyat turi – maʼlumotlarni qayta ishlash va saqlash xizmatlari hisoblanadi. Ustav kapitali – 24 mln soʻm (2 ming AQSh dollari atrofida – Oʻzbekistonda IT-kompaniyalar uchun belgilangan minimal kapital!). Kompaniya asoschisi va direktori – Maksim Makarov.

OFAC maʼlumotlariga koʻra, ushbu kompaniya Rossiyadagi Aeza Group bilan bogʻliq boʻlgan. Ushbu guruh esa avvalroq kiberjinoyatchilik infratuzilmasini taʼminlagani va zararli dasturlar, jumladan, BianLian tovlamachilik dasturini ishlab chiqishda ishtirok etgan bois sanksiyalar “tigʻi”ga tushgan edi. AQSh regulyatorlari Datavice’ni CAATSA-Russia va CYBER4 yoʻnalishlari boʻyicha ikkilamchi sanksiyalar xavfini keltirib chiqaruvchi kompaniya sifatida baholagan.

Ikkilamchi sanksiyalar nima va nega ular xavfli?

Ikkilamchi sanksiyalar – bu toʻgʻridan-toʻgʻri sanksiya obʼekti boʻlmagan, ammo sanksiya roʻyxatidagi shaxslar yoki kompaniyalar bilan hamkorlik qilayotgan uchinchi davlatlar subʼektlariga nisbatan qoʻllaniladigan choralardir.

Ikkilamchi sanksiyalar bir qator oqibatlarga olib keladi. AQSh yurisdiksiyasidagi aktivlarni muzlatish, Amerika kompaniyalari va banklari bilan ishlashni taqiqlash, dollar hisob-kitoblariga kirishning cheklanishi, xalqaro obroʻga putur yetishi shular jumlasidandir. Ayniqsa, AQSh fuqarolari va kompaniyalariga Datavice bilan operatsiyalar oʻtkazish taqiqlangani tashqi bozorlarga yoʻnaltirilgan IT-biznes uchun jiddiy xavf hisoblanadi.

Shuningdek, Datavice bilan iqtisodiy aloqalar oʻrnatgan banklar va xalqaro kompaniyalar ham ikkilamchi sanksiyalar, jumladan, AQSh moliyaviy tizimiga kirishdan mahrum etilish xavfiga duch kelmoqda.

Nega bu Oʻzbekiston uchun tashvishli?

Avvalo sanksiya xatarlari (risklari) ortib boradi. Toʻgʻri, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida iqtisodiy aloqalar saqlanib qolyapti, ammo Rossiya kompaniyalarining sanksiyaga tushish holatlari tobora ortmoqda. Yetarli komplayens tekshiruvisiz oʻzaro hamkorlik qilish katta xatar tugʻdirishi tabiiy.

Ikkinchidan, milliy moliyaviy tizimga bosim ortadi. Ayrim kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar ham xalqaro banklar tomonidan Oʻzbekistonga nisbatan qatʼiy nazorat kuchayishiga sabab boʻlishi mumkin.

Shuningdek, bunday vaziyat natijasida Oʻzbekiston IT-sektor imiji yomonlashadi. Ayni davrda Oʻzbekiston mintaqaviy IT-xab boʻlishni maqsad qilgan va bu yoʻlda ulkan qadamlar qoʻyilgan. Lekin kibersanksiyalar bilan bogʻliq holatlar xorijiy investorlar ishonchini pasaytirishi mumkin, afsuski.

Geosiyosiy kontekst: uchinchi davlatlar uchun ogohlantirish

Datavice bilan yuz bergan holat shuni koʻrsatadiki, Rossiyaga qarshi sanksiyalar endi faqat ikki tomonlama masala emas. AQSh va ittifoqchilar Rossiyaga sanksiyalarni aylanib oʻtishga yordam berayotgan davlatlarga aniq signal yubormoqda – endi sanksiya xatarlari bilan bogʻliq zanjirlarda ishtirok etishni shuncha betaraflik (neytrallik) bilan oqlab boʻlmaydi. Ayniqsa, raqamli iqtisodiyot sharoitida infratuzilma bir vaqtning oʻzida bir nechta yurisdiksiyalarga xizmat koʻrsatishi mumkinligi inobatga olinsa.

Xulosa

Datavice kompaniyasi bilan bogʻliq holat – global sanksiya siyosatining yangi bosqichga chiqqanini koʻrsatuvchi yorqin misoldir. Endi sanksiyalar tobora aniq, texnologik va eksterritorial tus olmoqda. Oʻzbekiston bunday xavotirli vaziyatda qator real qadamlar qoʻyishi kerak. Masalan, IT va moliya sohalarida komplayens tizimlarini kuchaytirish, sanksiya xavfi yuqori boʻlgan mamlakatlar bilan hamkorlikni qayta koʻrib chiqish, kiberxavfsizlik va raqamli xizmatlar boʻyicha milliy tartib-qoidalarni takomillashtirish talab etiladi. Zero, global iqtisodiyotda hatto bilvosita aloqalar ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Mazkur yangi reallikka qanchalik tez moslashilsa, iqtisodiy xatarlar va oqibatlar shunchalik kamayadi. “Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi” degan oʻzbek naqli bu holatga aynan mos tushadi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid