Yangi Ijtimoiy reyestr joriy etiladi
Reyestrdan joy olgan oilalarga aʼzolarning bandlik holatidan qatʼi nazar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam uzluksiz toʻlab boriladi.

Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan hujjat qabul qilindi.
Prezidentining «Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 fevraldan boshlab «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va «Kambagʻal oilalar reyestri» negizida yangi Ijtimoiy reyestr joriy etiladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib quyidagi toifalarga ajratiladi:
— davlat taʼminotidagi oila - mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan, har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan oilalar;
— kambagʻal oila - mehnatga layoqatli yoki mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlgan, bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan oilalar;
— kambagʻallik chegarasidagi oila - bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining bir baravaridan bir yarim baravarigacha boʻlgan oilalar.
Yangi Ijtimoiy reyestr davlat tomonidan koʻrsatiladigan yordamni manzilli, adolatli va ehtiyojga mos tarzda tashkil etishga xizmat qiladi.
Qabul qilingan Farmonga muvofiq, «Mahalla yettiligi» ga ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayrim oilalarni tavsiya asosida «kambagʻallik chegarasidagi oila» toifasiga kiritish huquqi berildi.
Mazkur toifaga quyidagi oilalar kiritilishi mumkin:
— I va/yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaxs yoki bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxs mavjud oilalar;
— boquvchisini yoʻqotgan yoki bolasini yolgʻiz tarbiyalayotgan oilalar;
— oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi shaxslar;
— oila aʼzosi muddatli harbiy xizmatda yoki jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan oilalar;
— oila aʼzosi psixiatriya, narkologiya, sil kasalliklari dispanserlarida hisobda turgan, onkologiya markazlarida roʻyxatda boʻlgan yoki gematologiya, immunologiya, jigar va buyrak yetishmovchiligi kabi ogʻir kasalliklarga chalingan aʼzosi mavjud oilalar;
— yongʻin, baxtsiz hodisa, tabiiy yoki texnogen favqulodda vaziyatlardan jabrlangan oilalar.
Mazkur mexanizm ogʻir vaziyatga tushib qolgan oilalarni oʻz vaqtida aniqlash va ularga davlat tomonidan tezkor hamda manzilli yordam koʻrsatishga qaratilgan.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun yangi qoʻllab-quvvatlash tartiblari joriy etiladi.
Qabul qilingan Farmonga muvofiq, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun davlat tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari yangi tartibda amalga oshiriladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam:
• davlat taʼminotidagi oilalarga — oila aʼzolarining bandlik holatidan qatʼi nazar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam uzluksiz toʻlab boriladi;
• kambagʻallik chegarasidagi oilalarga — bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam 6 oy davomida oila daromadiga qarab toʻlanadi:
- daromad minimal isteʼmol xarajatlarining 1–1,25 baravari boʻlsa — 75 foiz,
- 1,25–1,5 baravari boʻlsa — 50 foiz miqdorda.
Avval ushbu toifadagi oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam toʻlanmagan edi.
Davlat taʼminotidagi oilalar uchun qoʻshimcha choralar:
• doimiy daromad manbaini yaratish maqsadida xonadonlarga quyosh panellarini oʻrnatish uchun Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi;
• mehnatga layoqatli oila aʼzolarining bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish uchun ijtimoiy karta orqali 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yilgacha, bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravari miqdorida kredit ajratiladi. Kredit foizlari “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi” doirasida davlat tomonidan qoplanadi.
Shuningdek, davlat taʼminotidagi oila yoki kambagʻal oila toifasidan kambagʻallik chegarasidagi oila toifasiga oʻtgan oilalar uchun avvalgi toifa boʻyicha nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari yana 12 oy davomida saqlab qolinadi.
Mazkur oʻzgarishlar ijtimoiy yordamni bosqichma-bosqich, adolatli va barqaror daromadga yoʻnaltirilgan tarzda tashkil etishga xizmat qiladi.