Tailand va Kambodja bir necha haftalik qonli toʻqnashuvlardan soʻng sulhga kelishdi
Ikki hafta davom etgan janglarda yuzlab askarlar halok boʻlgani va qariyb bir million kishi koʻchishga majbur boʻlgani aytilgan.

Tailand va Kambodja bir necha haftalik qonli toʻqnashuvlardan soʻng sulhga kelishdi.
Tailand va Kambodja mudofaa vazirlari qoʻshma bayonotda ikki davlat zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish haqida kelishuvga erishganini maʼlum qildi.
Ikki haftadan ortiq davom etgan qonli toʻqnashuvlardan soʻng Tailand va Kambodja oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuv imzolandi. Bu haqda ikki davlat mudofaa vazirlari qoʻshma bayonotda maʼlum qildi.
Tomonlar hozirgi front chizigʻini muzlatib qoʻyishga va chegaraga yaqin hududlarda yashovchi fuqarolarga uylariga qaytishga ruxsat berishga kelishib oldi. Bu deyarli uch hafta davom etgan janglarni toʻxtatadi. Bu davrda yuzlab askarlar halok boʻlgani va qariyb bir million kishi koʻchishga majbur boʻlgani aytilmoqda.
Sulh bugun mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da kuchga kirdi. U 72 soat amal qilganidan soʻng, Tailand tomonidan iyul oyidan beri ushlab turilgan 18 nafar kambodjalik askar ozod etiladi. Bayonotga koʻra, bu kelishuv Xitoy va AQSh diplomatik yordami bilan olib borilgan muzokaralar natijasida erishilgan.
Kelishuv birinchi navbatda koʻchirib yuborilgan aholining uylariga qaytishini taʼminlashni koʻzlaydi, shuningdek, minalarni tozalash masalasini ham oʻz ichiga oladi.
Tailand mudofaa vaziri Natthaphon Narkpanit bu sulhni qarshi tomonning samimiyatini sinovdan oʻtkazuvchi holat deb atadi va agar sulh buzilsa, Tailand xalqaro huquqqa muvofiq oʻzini himoya qilish huquqiga egaligini taʼkidladi.
Avvalgi sulh muvaffaqiyatsiz tugagani sabab Tailand bunga ehtiyotkorlik bilan yondashgan. Iyul oyidagi sulh AQSh vositachiligi bilan tuzilgan boʻlsa-da, keyinchalik yana janglar boshlangan va tomonlar bir-birini ayblagan.
Dekabr oyida ham toʻqnashuvlar davom etdi. Tailand Kambodja hududiga aviatsiya zarbalari bergan, Tailand bu harbiy obʼektlarga zarba berilganini aytgan boʻlsa, Kambodja buni tinch aholi uylariga qaratilgan hujum deb atagan.
Bu safargi sulh qancha davom etishi asosan siyosiy irodaga bogʻliq. Ayniqsa, Kambodja koʻp askar va harbiy texnika yoʻqotgani, hamda Tailand zarbalaridan jiddiy zarar koʻrgani sababli barqaror tinchlikka erishish qiyin boʻlishi mumkin.
Chegara mojarosi bir asrdan ortiq vaqt avval boshlangan, ammo keskinlik bu yil boshida yana oshgan edi. Iyul oyida besh kunlik ogʻir janglar yuzlab qurbonlarga sabab boʻlgan va minglab odamlar uylarini tark etishga majbur boʻlgandi.
Malayziya va AQSh vositachiligida oktabr oyida sulh imzolangan edi, biroq noyabrda Tailand askarlari minalardan jarohatlangach, Bangkok kelishuvni vaqtincha toʻxtatdi va xavfsizlik hali taʼminlanmaganini maʼlum qildi.