Nikoh yoshi boʻyicha qonunchilikni buzganlarga javobgarlik kuchaytiriladi
Togʻa va amaki, amma va xola oʻz jiyanlari bilan, shuningdek, togʻavachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar oʻrtasida nikoh tuzishga yoʻl qoʻyilmasligi mumkin.

Nikoh yoshi boʻyicha qonunchilikni buzganlarga javobgarlik kuchaytiriladi.
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xotin-qizlar va bolalarning huquq hamda erkinliklari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Loyihaga koʻra, yon shajara boʻyicha 2-, 3- va 4-darajadagi qarindoshlar - togʻa va amaki, amma va xola oʻz jiyanlari bilan, shuningdek, togʻavachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar oʻrtasida nikoh tuzishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanmoqda.
Biroq, nikohlanuvchi tomonlardan biri farzandlikka olingan yoki oʻgay farzand boʻlgan hollar, agar farzandlikka olingan nikohlanuvchi shaxs nikohlanuvchi 2-shaxsga haqiqatda 1-, 2-, 3- va 4-darajali qarindosh boʻlmasa bundan mustasno.
Shuningdek, nikohga kirishni xohlovchilarning arizasiga koʻra homiladorlik, bola tugʻilishi bilan bogʻliq holatlarda nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin.
Bundan tashqari, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (20 mln 600 ming soʻmdan 41 mln 200 ming soʻmgacha) miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Amaldagi qonunchilikda ushbu jinoyat uchun BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (8 mln 240 ming soʻmdan 12 mln 360 ming soʻmgacha) miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazo choralari belgilangan.