platina.uz
Jahon

Malayziya sobiq bosh vaziri 15 yil qamoqqa hukm etildi

U 11,4 milliard ringgit (taxminan 2,6 mlrd dollar) jarima ham toʻlaydi. Najib Razzoq ishi mamlakat tarixidagi eng katta korrupsion jinoyatlardan sanaladi. 

Malayziya sobiq bosh vaziri 15 yil qamoqqa hukm etildi

Sud Malayziyaning sobiq bosh vaziri Najib Tun Razzoqni 1MDB davlat jamgʻarmasidagi korrupsiya sxemalari bilan bogʻliq holda 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish va 11,4 milliard ringgit (taxminan 2,6 mlrd dollar) jarimaga tortish haqida hukm chiqardi, deb xabar berdi The Star.

Najib Razzoq hokimiyatni suiisteʼmol qilish boʻyicha toʻrtta ayblov bilan 15 yilga va pul yuvish boʻyicha 21 ta ayblovning har biri uchun besh yildan ozodlikdan mahrum etildi.

Sobiq bosh vazirning advokati garov pulini qaytarishni soʻradi va sud ushbu iltimosni qanoatlantirdi. Advokatning taʼkidlashicha, himoya tomoni hozircha hukm ijrosini toʻxtatib turishni soʻramaydi.

72 yoshli Najib Razzoq 2009 yil aprelidan 2018 yil mayigacha Malayziya bosh vaziri lavozimida ishlagan. Oʻsha yilning iyul oyida u korrupsiyada gumon qilinib hibsga olingan edi.

2020 yilda Malayziya Oliy sudi uni 1MDB korrupsiya mojarosi doirasida hokimiyatni suiisteʼmol qilish, mablagʻlarni oʻzlashtirish va pul yuvishda aybdor deb topdi.

Oʻshanda Najib Razzoq 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, qariyb 44 million dollar jarimaga tortilgandi. 2024 yilda uning jazo muddati olti yilgacha (2028 yil 23 avgustgacha) qisqartirildi va jarima miqdori asl summaning chorak qismigacha kamaytirildi.

1MDB jamgʻarmasi 2015 yilda yirik korrupsiya mojarosi markazida boʻlgan edi. Uning faoliyati boʻyicha tergov natijasida 11 milliard dollar qarzdorlik aniqlangan. Shuningdek, Malayziyaning yuqori lavozimli amaldorlari ishtirokidagi korrupsiya sxemalari fosh etilib, ushbu mablagʻlarning 700 million dollari Najib Razoqning shaxsiy hisob raqamlaridan topilgan.

Bu voqea Malayziya tarixidagi eng yirik moliyaviy jinoyatlardan biri hisoblanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid