platina.uz
Jamiyat

Davlat xaridlarini sunʼiy intellekt asosida hisoblovchi modul ishga tushadi

Xaridlar sohasiga oid huquqbuzarliklar vujudga kelishi mumkin boʻlgan xavflarning yagona tasnifi shakllantiriladi. 

Davlat xaridlarini sunʼiy intellekt asosida hisoblovchi modul ishga tushadi

Davlat xaridlari tizimida raqobat va shaffoflik taʼminlanadi.

“Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–259-son, 26.12.2025 y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2026 yil 1 martdan davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida davlat xaridi predmetining oʻrtacha bozor narxini sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.

2026 yil 1 yanvardan davlat xaridlarida raqobatli usul orqali ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishning “taklif soʻrovi” yangi tartib-taomili joriy etiladi.

2026 yil 1 yanvardan:

- Toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxati bekor qilinib, mazkur roʻyxat boʻyicha davlat xaridlari raqobatli usullardan foydalangan holda amalga oshiriladi;

- “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berish haqida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda davlat xaridi ijrochisining nomi aniq koʻrsatiladi;

- davlat xaridlarida elektron doʻkonga ofertalarni joylashtirish muddati 15 kundan 60 kungacha uzaytiriladi hamda tovarlarni yetkazib berish muddati kamida 5 kun etib belgilanadi;

- Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida xarid hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish muddatlari ularning qiymati va murakkabligidan kelib chiqib qisqartiriladi.

Farmonga koʻra, 2026 yil 1 yanvardan:

- davlat buyurtmachilarining xarid rejalari eʼlon qilingandan keyin ushbu maʼlumotlar avtomatik ravishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektron xabarnoma tarzida yuboriladi;

- byudjet buyurtmachilari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan mahalliy auksion savdolarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.

- boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksionda 1 ta tadbirkor ishtirok etgan taqdirda, auksion oʻtkazilgan deb hisoblanadi.

2026 yil 1 iyuldan quyidagilar joriy etiladi:

- davlat xaridlariga oid takliflarni davlat xaridlari elektron tizimi orqali faqat elektron shaklda baholash;

- davlat buyurtmachilari tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) qabul qiluvchi shaxslarga ishonchnomalarni davlat xaridlari elektron tizimi orqali elektron koʻrinishda rasmiylashtirish.

Quyidagi mexanizmlarni nazarda tutuvchi “Davlat xaridlarida nazorat” sahifasi joriy etiladi:

- davlat xaridlari sohasiga oid huquqbuzarliklar vujudga kelishi mumkin boʻlgan xavflarning yagona tasnifini shakllantirish;

- xavf-xatarlarni toifalarga ajratish, shuningdek, ularni avtomatik aniqlash va xabardor qilish;

- davlat buyurtmachilarini sodir etgan huquqbuzarliklariga koʻra toifalarga ajratish;

- davlat xaridlarida eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini oʻz ichiga oluvchi “Xaridlarda KPI” raqamli reytingini joriy qilish.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid