Yurtimizda texnologik taraqqiyot va kosmik marralar sari qadam tashlanmoqda
Toshkent shahri, Buxoro, Fargʻona va Toshkent viloyatida 4 ta “Data markaz” va 2 ta super-kompyuter ishga tushiriladi. Bundan tashqari, 15 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Zamonaviy dunyoda iqtisodiy raqobat har qachongidan ham keskin tus olmoqda va bugun faqatgina yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlargina jahon bozorida mustahkam oʻrin egallamoqda.
Shu bois, bizning pirovard maqsadimiz milliy iqtisodiyotni toʻliq texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazishdan iborat deyish mumkin.
Bu yoʻnalishda boshlangan amaliy ishlar allaqachon oʻz natijasini bera boshladi. Masalan, sanoat tarmoqlarida yuqori texnologik va energiya tejovchi tizimlarning joriy etilishi natijasida, joriy yilda 1 dollarlik mahsulot uchun sarflanadigan energiya miqdori 13 foizga kamaydi. Birgina shu tejamkorlik va samaradorlik hisobiga iqtisodiyotimizda qoʻshimcha 1 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat paydo boʻldi. Bunday yutuqlar bizni yanada katta marralar sari ilhomlantirib, raqamli va kosmik kelajak sari dadil qadam tashlashga undamoqda.
Bugungi taraqqiyotimizning yangi bosqichida iqtisodiyotni raqamlashtirish va yuqori texnologiyalarni joriy etish orqali jahon bozorida munosib oʻrin egallashga intilmoqdamiz. Endilikda mamlakatimiz raqamli transformatsiya jarayonini milliy strategik maqsadlarning eng muhim yoʻnalishi sifatida belgilab oldi.
Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga murojaatnomasida qayd etilganidek biz 2030 yilga borib, Ay-Ti xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olganmiz. Eʼtiborli jihati shundaki, joriy yilda bu koʻrsatkich ilk bor 1 milliard dollarga yetdi va bu yutuq sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning dastlabki “hosili”dir.
Jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etilgani, shuningdek Ay-Ti infratuzilmasiga investitsiya kiritish uchun tadbirkorlarga qator imtiyozlar berilgani sohaga xorijiy sarmoya va ilgʻor tajribaning kirib kelishiga xizmat qilmoqda.
Kelgusi yilda texnologik quvvatimizni yanada oshirish maqsadida Toshkent shahri, Buxoro, Fargʻona va Toshkent viloyatida 4 ta “Data markaz” va 2 ta super-kompyuter ishga tushiriladi. Bundan tashqari, 15 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi ilm va amaliyot uygʻunligini taʼminlaydi.
Ushbu infratuzilma tibbiyot, transport, qishloq xoʻjaligi, geologiya, bank-moliya va jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Bu esa davlat boshqaruvi va xizmat koʻrsatish sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishda muhim oʻrin tutadi.
Davlat rahbarimiz aniq raqamlarga tayangan holda taʼkidlaganidek: “Qayerda yangi texnologiya va yuqori malakali kasb egalari boʻlsa, oʻsha tarmoqda oʻsish, rivojlanish boʻlmoqda. Shu bois, 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun eng toʻgʻri yoʻl – barcha sohalarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazishdir!”
Bugun minglab iqtidorli yoshlarimiz Ay-Ti va sunʼiy intellekt boʻyicha izlanish olib bormoqda. Ularning kvant texnologiyalari, dronlar va robototexnika kabi yoʻnalishlardagi konstruktorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus “Raqamli texnologiyalar markazi” (R&D) tashkil etiladi. Osiyo taraqqiyot banki ushbu tashabbusni maʼqullab, 200 million dollar ajratishga tayyorligini bildirdi.
Sunʼiy intellekt bilan hamohang ravishda kosmik sohadagi tadqiqotlarni rivojlantirish va yoʻldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish boʻyicha ham katta qadamlar tashlanmoqda. 2028 yilda Samarqandda “Xalqaro astronavtika kongressi”ning oʻtkazilishi Oʻzbekistonning bu boradagi amaliy harakatlari xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi.
Mamlakatimiz tarixida ilk bor kosmik sohada sunʼiy yoʻldosh uchirish va Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan birinchi oʻzbek kosmonavtini fazoga yoʻllash boʻyicha ishlar boshlandi. Bu tarixiy qadam milliy gʻururimizni yuksaltirish bilan birga, ilm-fanning eng murakkab sohalarini egallashga boʻlgan maqsadlarimizni ifodalaydi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mazkur texnologik va kosmik loyihalar Oʻzbekistonimizning ilmiy va innovatsion salohiyatini yangi tomondan namoyish etadi. Bu ijobiy jarayonlar nafaqat iqtisodiy oʻsishga, balki milliy taraqqiyotimizni faol va rivojlangan bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.