Prezident: Oʻzbekistonda YaIM ilk bor 145 mlrd dollardan oshdi
Bu yil iqtisodiyotga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va koʻp millatli xalqimizga Murojaatnomasi boshlandi.
“Eʼtibor bering, bundan toʻqqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra boʻlib koʻrinardi.
Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bunday yuksak natijalar xalqimizning, barchamizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanimizni yaqqol namoyon etmoqda”, – dedi davlatimiz rahbari.
Global savdo tizimida “oʻyin qoidalari” oʻzgarayotgan bir paytda joriy yil eksportimiz 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi taʼkidlandi. Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi.
Bu yil iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi.
Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda. Bu esa iqtisodiyotimiz kelgusi yillarda ham yuqori surʼatlar bilan barqaror oʻsib borishi uchun zamin boʻladi.