platina.uz
Jamiyat

Poytaxt hokimligi "rezidentlar ruxsatnomasi"ga izoh berdi

Koʻp qavatli uylar oraligʻi, hovlilar va toʻxtab turish taqiqlanmagan boshqa bepul hududlarda avtomobil saqlash uchun hech qanday toʻlov yoki ruxsatnoma talab qilinmaydi. 

Poytaxt hokimligi "rezidentlar ruxsatnomasi"ga izoh berdi

Poytaxt hokimligi rezidentlar uchun pullik avtoturargohlar boʻyicha izoh berdi.

Tarmoqlarda Toshkent shahar hokimining 2025 yil 25 dekabrdagi qarori muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Mazkur qarorni "Endi odamlar oʻz uyi oldida mashina qoʻygani uchun pul toʻlaydi" deya talqin etilgan.

Toshkent shahar hokimligiga koʻra, ushbu talqinlar haqiqatga zid boʻlib, qarorning mazmuni quyidagicha izohlanadi:

Yangi joriy etilayotgan tartib faqat yoʻl boʻyida tashkil etilgan pulli avtoturargohlar faoliyatiga taalluqlidir. Koʻp qavatli uylar oraligʻi, hovlilar va toʻxtab turish taqiqlanmagan boshqa bepul hududlarda avtomobil saqlash uchun hech qanday toʻlov yoki ruxsatnoma talab qilinmaydi.

"Rezidentlik ruxsatnomasi" nima va u kimlarga beriladi?

Ruxsatnoma bevosita yoʻl boʻyida pulli avtoturargoh tashkil etilgan koʻcha boʻylab joylashgan yoki ushbu zonaga yaqin joylashgan mahallada yashovchi fuqarolar (rezidentlar) uchun joriy etilmoqda. Maqsad — uyi oldida pulli toʻxtash joyi tashkil etilgan aholiga imtiyoz berish va ular oʻz mashinalarini joylashtirishda muammoga duch kelmasligini taʼminlashdir.

Rezidentlar uchun quyidagi imtiyozli shartlar amal qiladi:

— soat 20:00 dan 08:00 gacha boʻlgan vaqtda rezidentlar oʻz avtomobillarini pulli toʻxtash joylarida mutlaqo bepul joylashtirish huquqiga ega boʻladi;

— kunduzgi vaqtda (08:00 dan 20:00 gacha) foydalanish uchun soatbay emas, balki yiliga bir marta toʻlanadigan qatʼiy belgilangan toʻlov joriy etiladi;

—yillik toʻlov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida belgilangan boʻlib, bu oddiy tariflardan keskin arzon hisoblanadi.

Bitta turar joy (xonadon) manziliga koʻpi bilan 2 ta rezidentlik ruxsatnomasi rasmiylashtirilishi mumkin.

Ushbu yangi tartib-qoidalar 2026 yil 1 fevraldan kuchga kiradi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid