platina.uz
Iqtisod

Oʻzbekistonda pulini naqd koʻrinishda uyda saqlovchilar ulushi kamaydi

2021 yilda uy xoʻjaliklarining 41 foizida bank kartasi boʻlmagan. 2025 yilga kelib bu koʻrsatkich 15 foizgacha qisqardi.

Oʻzbekistonda pulini naqd koʻrinishda uyda saqlovchilar ulushi kamaydi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan Oʻzbekistonda moliyaviy inklyuziyaning tendensiyalari va asosiy yoʻnalishlari tahlil qilindi.

Moliyaviy inklyuziya - bu aholining barcha qatlamlarini sifatli va hammabop moliyaviy xizmatlar bilan taʼminlash.

2024 yil holatiga koʻra, dunyo aholisining 79 foizi oʻzining bank hisob raqamiga ega. Jumladan, 2021-2024 yillar oraligʻida moliyaviy hisobga ega aholi soni 5 foiz bandga, oʻrta va past daromadli mamlakatlarda esa 6 foiz bandga oshgan. Global Findex (2025) hisobotiga koʻra, 2024 yilda oʻrta va past daromadli mamlakatlarda aholining 40 foizi (oʻsish 2021-yildagiga nisbatan 16 foiz) oʻz mablagʻlarini bank va moliyaviy tashkilotlarda saqlagan.

Tahlilda Jahon banki tomonidan 2018 yil sentabrdan 2025 yil iyun oyigacha oʻtkazilgan va “Oʻzbekiston fuqarolari fikrini oʻrganish soʻrovnomasi” (Listening to the Citizens of Uzbekistan – L2CU) deb nomlangan soʻrov natijalaridan foydalanildi. Soʻrov har oyda taxminan 1503 ta uy xoʻjaligidan olingan (jami 121 618 ta kuzatuv) ijtimoiy va iqtisodiy maʼlumotlarni oʻz ichiga qamrab oladi.

MHTI mutaxassislarining tahlili chogʻida quyidagilar aniqlandi:

2018 yilda respondentlarning 97,7 foizi oʻz mablagʻlarini naqd pul koʻrinishida uyda saqlashni maʼqul koʻrgan boʻlsa, 2025 yilda ushbu koʻrsatkich 92,7 foizgacha qisqargan.

2018-2025 yillar mobaynida bank hisobvaraqlaridan foydalanish darajasi 4,2 foiz bandga va muddatli depozitlar shaklida saqlash 3 foiz bandga, oʻz navbatida respondentlar ulushi mos ravishda 6 barobar va 3 barobarga oshgan. Bu esa aholining moliyaviy savodxonligi ortib borayotgani va bank tizimiga ishonchi mustahkamlanayotganini anglatadi.

2021 yilda uy xoʻjaliklarining 41 foizida bank kartasi boʻlmagan. 2025 yilga kelib, plastik kartalar ijtimoiy nafaqalar, davlat toʻlovlari, ish haqi, pul oʻtkazmalari uchun asosiy kanalga aylanib, bu koʻrsatkich 15 foizgacha qisqardi. Jumladan, 2021-yilning II choragida soʻrovda qatnashgan uy xoʻjaliklarining 57 foizi bank kartasiga ega ekanligini bildirgan boʻlsa, 2025-yilning II choragiga kelib, ularning ulushi 85 foiz atrofida shakllandi. Ushbu davrda (2021–2025) savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida terminal infratuzilmasining yaxshilanishi, UzCard va Humo tizimlarining kengayishi, shuningdek, ish haqi va pensiya toʻlovlarining bosqichma-bosqich bank kartalariga oʻtkazilishi moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirib, bank kartalarining ommalashuvi va moliyaviy inklyuziya darajasining sezilarli oshishiga olib keldi.

2021-yildan 2025-yilga qadar boʻlgan davrda respondentlarning kamida 92 foizi soʻnggi 30 kunda bank kartasiga mablagʻ tushganini va kamida 91 foizi bank kartasi orqali xarid qilganini taʼkidlagan. Qolaversa, 2021-yil may oyida respondentlarning qariyb 81 foizi soʻnggi 30 kun ichida bank kartasi orqali bankomatdan naqd pul olganini bildirgan boʻlsa, 2025-yilning birinchi yarmida bu ulush 95 foizga yetgan, yaʼni bankomatlardan foydalanish darajasi sezilarli darajada oshgan.

Joriy yilning 12-dekabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni qabul qilindi. Farmonda 2030-yilgacha savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida aholi tomonidan toʻlovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish maqsadli koʻrsatkich sifatida belgilangan.

Tahlil natijasi, respondentlar orasida moliyaviy tranzaksiyalarning elektron shaklda boʻlishini qoʻllab-quvvatlovchilar 2021-yildagi 78 foizdan 2025-yilning birinchi yarmida 89 foizga yetganini koʻrsatmoqda. Bu aholi orasida elektron tranzaksiyalar koʻproq ommalashayotganini anglatadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid