platina.uz
Jamiyat

Mahalliy aviaqatnovlar uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi

Narxidan qatʼi nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Kelgusi yili 110 kilometr temir yoʻl tarmogʻi qurilib, Boʻka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri poytaxt bilan bogʻlanadi. 

Mahalliy aviaqatnovlar uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi

Turistlar oqimi tobora oshayotgani aviatsiya va temir yoʻlda yoʻlovchi tashish quvvatini 2 barobar koʻpaytirishni taqozo etmoqda. Shu bois, 2026 yilda aviaparkdagi havo kemalarining soni 120 taga yetkaziladi.

Mahalliy aviaqatnovlarni oshirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Endi narxidan qatʼi nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu chipta narxini pasaytirish va talabni oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, yangi samolyotlar uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat koʻrsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi.

Ichki temir yoʻllarni rivojlantirish boʻyicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bogʻlash uchun 2026 yildan yana 500 kilometr temir yoʻl qurilishi boshlanadi.

Kelgusi yili 110 kilometr temir yoʻl tarmogʻi qurilib, Boʻka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri poytaxt bilan bogʻlanadi. “Toshkent – Samarqand” yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yoʻlovchi poyezdlar uchun yangi temir yoʻl liniyasini qurish boshlanadi.

Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiydagi vokzallar ham xususiy sheriklik uchun beriladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahliliga koʻra, sifatli yoʻllar iqtisodiyotimizning kamida 2 foiz oʻsishiga turtki beradi.

Avtomobil yoʻllarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yanada oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi.

Bunda Andijon bilan Qoʻngʻirotni, Toshkent bilan Termizni, Samarqand bilan Shahrisabzni, Olot bilan Sariosiyoni bogʻlaydigan, uzunligi 4 ming kilometr magistral yoʻllar xalqaro talablarga mos “avtoban”larga aylantiriladi.

2026 yilning oʻzida Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududidan oʻtgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometr yoʻllarda rekonstruksiya ishlari yakunlanadi.

Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Boʻstonliq, Pungʻon – Namangan va Qarshi – Shahrisabz yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanishga moʻljallangan 800 kilometr yoʻllar qurilishi boshlanadi.

Endi yoʻllarni loyihalashtirishda aholining fikri, transport qatnovining atrof-muhitga taʼsirini inobatga olish, piyodalar uchun “toʻsiqsiz” muhit yaratish boʻyicha qatʼiy talablar qonun darajasida mustahkamlanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid