Jinoiy toʻdalar faoliyatiga chek qoʻyiladi
Bilagida kuchi bor ayrim sportchilar ham bunday jinoiy guruhlar domiga tushib qolayotgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida jinoiy toʻdalar faoliyatiga nisbatan qatʼiy va ochiq munosabat bildirdi.
Davlat rahbarining taʼkidlashicha, soʻnggi paytlarda oʻzini qonundan ustun qoʻyayotgan, tadbirkorlarga bosim oʻtkazib, ularning biznesini egallab olishga urinayotgan, iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazayotgan, murakkab moliyaviy jinoyatlar sodir etayotgan hamda oʻzini “qozi” deb hisoblab, odamlar oʻrtasidagi oldi-berdi masalalariga noqonuniy aralashayotgan ayrim jinoiy toʻdalar kuzatilmoqda.
Achinarlisi, “oson pul topish” ilinjida bilagida kuchi bor ayrim sportchilar ham bunday jinoiy guruhlar domiga tushib qolayotgani qayd etildi.
Eng tashvishli jihati esa Oʻzbekiston fuqarolaridan iborat ayrim jinoiy guruhlarning chet davlatlarda ham faoliyat yuritayotgani mamlakatimizning xalqaro imijiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganidir.
“Hamma eshitib olsin: bunday jinoiy toʻdalar faoliyatiga chek qoʻyishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz!”, dedi davlat rahbari.
Shuningdek, prezident Oʻzbekistonda fuqarolar, tadbirkorlar va investorlarni har qanday sharoitda himoya qiladigan mustahkam davlat tizimi, Konstitutsiya va qonunlar mavjud ekanini alohida urgʻuladi.