Ikkita vazirlik faoliyati tubdan qayta koʻrib chiqiladi
Chunki iqtisodiyotni raqobatdosh qilish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, sanoat tarmoqlarini texnologik transformatsiya qilish mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklarining faoliyati tubdan qayta koʻrib chiqilishini maʼlum qildi.
“Umuman, iqtisodiyotni raqobatdosh qilish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, sanoat tarmoqlarini texnologik transformatsiya qilish mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Buning uchun Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklarining faoliyati tubdan qayta koʻrib chiqiladi”, – dedi Prezident.
Erkin iqtisodiy zonalarga dunyoning mashhur brendlari jalb qilinadi. Ushbu zonalardagi korxonalar xalqaro texnik reglamentlar, ekologik va mehnat standartlarini qoʻllashi mumkin boʻladi.
Ular uchun maxsus investitsiyaviy, soliq, bojxona va huquqiy rejim joriy etiladi va xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini koʻrib chiqish imkoniyati yaratiladi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bularning barchasi kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga 1 million yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Har bir kelishuvni loyihaga aylantirish, sarmoyalarni qisqa fursatlarda jalb qilish va ularning samaradorligiga masʼul, faqat va faqat investitsiya bilan ishlaydigan alohida yangi tizim yaratilishi belgilandi. Bundan tashqari, mahalliy sanoat va kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha ham xuddi shunday alohida tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.