Avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekostikerlar beriladi
Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Issiqxonalarda filtrsiz koʻmirda ishlaydigan qozonxonalardan voz kechiladi.

Avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev murojaatnomada ekologik muammolarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi. Shu bois, dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi.
Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi.
Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr oʻrnatish uchun davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari koʻriladi.
Eski mashinasini almashtiraman deganlarga, avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.
Filtr oʻrnatib, zararni kamaytirishga tayyor boʻlgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi boʻyicha subsidiya ajratiladi.
Yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalar tashlanmalarini monitoring qilish stansiyasi oʻrnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2 mingga yaqin koʻmir va gazda isitiladigan issiqxona bor. Endi filtrsiz koʻmirda ishlaydigan qozonxonalardan voz kechiladi. Ular poytaxt atrofidan koʻchirilib, hamma joyda markazlashgan qozonxonalar orqali isitish yoʻlga qoʻyiladi.
Shu maqsadda 200 gektardan kam boʻlmagan agroklasterlar tashkil etiladi, ularning tarkibiga oʻtmoqchi boʻlgan issiqxonalarga alohida subsidiya beriladi.