8,5 milliondan ziyod odam kambagʻallikdan chiqdi
Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyilganini eʼtirof etdi.

Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyilgani natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambagʻallikdan chiqdi, ishsizlik 2 karra qisqardi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqiga yoʻllayotgan murojaatnomasida ushbu yoʻnalishga toʻxtalib oʻtdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda 5 million aholi daromadli boʻlib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambagʻallikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambagʻallikdan xoli” hududga aylandi.
“Yurtimizda kambagʻallik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi. Bu ishlarni boshlaganimizda aholining uchdan bir qismi kambagʻallik chegarasida yashardi. Natijada uch yil oldin kambagʻallikni 2026 yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish boʻyicha olgan marramizni shu yilning oʻzida uddaladik”, dedi Prezident.
Kambagʻal oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bogʻchalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Bu yildan boshlab 208 ta bogʻchada birinchi marta inklyuziv taʼlim tizimi joriy etildi.