2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili boʻladi
Prezident Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qoʻyilayotganini taʼkidladi. Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion soʻm resurs beriladi.

Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasi davom etmoqda.
Yangi yilning nomida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturi qabul qilinadi.
Ushbu dasturda yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar oʻz ifodasini topadi.
“Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qoʻymoqdamiz. Bu yoʻldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.
Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi oʻrtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish.
Fargʻona vodiysidan Orolboʻyigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib, Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaromiz bugundan boshlab islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada koʻproq his qilishi kerak.
Shuning uchun, kirib kelayotgan 2026 yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili boʻladi”, – dedi Prezidentimiz.
“Asosiy maqsadimiz odamlarimizni doimiy daromadli qilishdan iborat. Puli bor odam yaxshi kiyinish va ovqatlanishga, sifatli taʼlim va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga, mazmunli dam olishga, bir soʻz bilan aytganda, farovon yashashga intiladi”,
– dedi Prezidentimiz.
Bu jarayonda tadbirkorlar hal qiluvchi kuch sifatida eng oldingi safda turib, sanoat va servis obʼektlarini tashkil qilib, doimiy ish oʻrni yaratishda, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni kasbga oʻrgatib, mahallalarning oʻzida ishli va daromadli qilishda alohida jonbozlik koʻrsatayotgani taʼkidlandi.
Shuning uchun tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha siyosat davom ettirilib, 2026 yilda asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qoldiriladi, tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratiladi.
Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion soʻm resurs beriladi. Shundan 43 trillion soʻmi xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.
Avvalroq Oʻzbekistonda YaIM ilk bor 145 mlrd dollardan oshgani aytilgandi.
Bu yil iqtisodiyotga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetgan. Shuningdek, 8,5 milliondan ziyod odam kambagʻallikdan chiqdi.