Toshkentda rezidentlar uchun pullik avtoturargoh narxlari belgilandi
Avtoturargoh tashkil etilgan hududiy zonalarda yoki ushbu koʻchalarga chegaradosh boʻlgan mahallalarda yashovchi jismoniy shaxslar rezident deb hisoblanadi.

Toshkent shahrida rezidentlar uchun pulli avtoturargoh narxlari belgilandi.
Shuningdek, bu boʻyicha ruxsatnomalar joriy etilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimi qarorida gap boradi.
Rezidentlar kimlar va ular qanday huquqlarga ega?
Qarorga muvofiq, pulli toʻxtab turish joylari tashkil etilgan hududiy zonalarda yoki ushbu koʻchalarga chegaradosh boʻlgan mahallalardagi uylarga mulk huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxslar rezident deb hisoblanadi.
Qarorga koʻra, har bir turarjoy uchun koʻpi bilan ikkita rezident avtoturargoh ruxsatnomalari roʻyxatga kiritilishi mumkin.
Unga koʻra, rezidentlar uchun soat 20:00 dan 08:00 gacha toʻxtab turish bepul, qolgan vaqtlarda esa belgilangan tariflar asosida toʻlov undiriladi. Ruxsatnoma bir yillik muddatga beriladi.
Yillik rezidentlik toʻlovi uchun bir BHM (amalda 412 ming soʻm) miqdorida toʻlov qilinishi kerak boʻladi. Agar rezident ruxsatnoma muddati tugashidan kamida 2 oy oldin (lekin 6 ish kunidan kechiktirmay) yangilash uchun ariza bersa, uning muddati uzilishlarsiz uzaytiriladi.
Ushbu qaror 2026 yil 1 fevraldan kuchga kiradi.
Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Sh.Raxmanovga tegishli organlar bilan birgalikda rezident ruxsatnomalarini berishning maʼmuriy reglamentini qabul qilish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, "Toshkent Invest kompaniyasi" AJ ushbu oʻzgarishlar haqida jamoatchilikni xabardor qilib boradi.