Qurilish kompaniyalari fuqarolarga 6,7 mlrd soʻm qaytaradi
Mijozlar tomonidan toʻlovlar amalga oshirilganiga qaramasdan, ayrim quruvchi tashkilotlar tomonidan belgilangan muddatlarda xonadonlar topshirilmagan.

Qurilish kompaniyalari fuqarolarga 6,7 mlrd soʻm qaytaradi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan 5 ta qurilish kompaniyasiga 6,7 mlrd soʻmlik pul mablagʻlarini isteʼmolchilarga qaytarishi yuzasidan tegishli taʼsir choralari qoʻllanildi.
Raqobat qoʻmitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarda, xonadon xarid qilish boʻyicha tuzilgan shartnoma talablariga muvofiq oʻz vaqtida toʻlovlarni amalga oshirgan boʻlishlariga qaramasdan, ayrim tadbirkorlik subʼektlari (quruvchi tashkilotlar) tomonidan belgilangan muddatlarda xonadonlarni topshirish majburiyatlari bajarilmayotgani taʼkidlanmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 19-moddasiga muvofiq, ijrochi tomonidan shartnomada yoki belgilangan qoidalarda koʻrsatilgan muddat, hajm va sifat talablariga qatʼiy rioya etilgan holda ishlarni bajarishi yoki xizmatlarni koʻrsatishi shartdir.
Shu munosabat bilan, Hududiy boshqarma tomonidan isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qurilish sohasidagi qonunbuzilish holatlari boʻyicha sud organlariga jami 32 nafar isteʼmolchi manfaatida 11 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻni undirish haqida daʼvo arizalari kiritildi.
Olib borilgan ishlar natijasida “GLAMUR GOLD”, “TRANSPORT FREE GROUP”, “LUCKY TECHNICAL”, “BROCCOLI PLUS”, “NUR” MChJlarga nisbatan 16 nafar isteʼmolchi foydasiga jami 6,7 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻni qaytarish toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarorlari qabul qilindi.
Ayni paytda qolgan isteʼmolchilarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan sud ishlari belgilangan tartibda davom ettirilmoqda.
Avvalroq Raqobat qoʻmitasi tomonidan "Li Auto" avtomashinalari reklamasida qonunbuzilishi aniqlangandi.
Oqibatda isteʼmolchilarda chalgʻituvchi tasavvur shakllangan va haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar asosida qaror qabul qilish xavfi paydo boʻlgan.