Namanganda “Koʻmir taʼminot” MChJ mansabdori qoʻlga olindi
U fuqaroni ombor rahbari lavozimiga tayinlash hamda koʻmir ortilgan yuk vagonlari sonini koʻpaytirib berish evaziga pul olgan.

Namanganda “Koʻmir taʼminot” MChJ mansabdoriga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
“Koʻmir taʼminot” masʼuliyati cheklangan jamiyati Namangan viloyat filiali boshligʻi oʻrinbosari oʻzining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni viloyatdagi tumanlardan birining koʻmir ombori rahbari lavozimiga tayinlash hamda omborga keluvchi koʻmir ortilgan yuk vagonlari sonini koʻpaytirib berish evaziga 40 000 AQSh dollari talab qiladi.
Joriy yilning 6 dekabr kuni u soʻralgan pul mablagʻidan 25 000 AQSh dollarini filial ishchisi orqali olib, fuqaroni ombor mudiri lavozimiga tayinlanishini taʼminlaydi.
Keyinroq esa mansabdor shaxs qolgan 15 000 AQSh dollari hamda omborga koʻmir ortilgan 30 ta vagon yuborgani uchun ulush sifatida 7500 AQSh dollari, jami 22 500 AQSh dollari berishini talab qilib, oʻzining vositachisi boʻlgan filial ishchisi orqali ushbu pul mablagʻini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Shuningdek, koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida aholiga koʻmir mahsulotlarini oʻz vaqtida va imtiyozli narxlarda yetkazib berilishi yoʻlga qoʻyildi.
