platina.uz
Tahlil

“Grin kard” lotereyasi toʻxtatilmadi!

Koʻpchilik DV 2027 lotereyasi butunlay toʻxtatilgan deb oʻylayapti. Ammo 2026 yil 30 sentabrgacha u albatta oʻtkazilishi kerak. Bunday xulosa uchun dalillar mavjud.

“Grin kard” lotereyasi toʻxtatilmadi!
Fotokollaj: Platina.uz

AQSh prezidenti Donald Tramp Green Card lotereya dasturini toʻxtatdi. 2025 yil 18 dekabrda AQSh Ichki xavfsizlik departamenti (IXD) xavfsizlik mezonlari va ishtirokchilarni tanlashni qayta koʻrib chiqish maqsadida ushbu dastur "vaqtinchalik toʻxtatilganini" maʼlum qildi.

Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Trampning koʻrsatmasiga muvofiq zudlik bilan AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlariga DV-1 dasturini toʻxtatib qoʻyishni buyurishini maʼlum qildi.

Hukumat qaroriga Braun universitetida 2025 yil 14 dekabrda universitetning muhandislik kampusida sodir boʻlgan otishma oqibatlari taʼsir qilgan. Hujumda gumon qilinuvchi 48 yoshli portugaliyalik Neves Valente AQShga 2017 yilda Diversity Immigrant Visa (DV-1) dasturi orqali kelgan. Darvoqe, otishmada asli oʻzbekistonlik fuqaro – 18 yoshli Muhammadaziz Umurzoqov ham halok boʻldi.

“Grin kard” bekor etilmaganmi?

Hozir koʻpchilik “Grin kard” butunlay bekor qilindi, degan fikrda. Ammo, aslida, 2025 yil oktabr oyida boshlanishi kerak boʻlgan DV 2027 lotereyasi butunlay toʻxtatilgani yoʻq va 2026 yil 30 sentabrgacha albatta oʻtkazilishi kerak. Bunday xulosa uchun dalillar mavjud.

Avvalo, Donald Tramp saylovoldi tashviqoti paytida noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashishga vaʼda berdi. Shuningdek, u Jo Bayden prezidentligi davrida Amerikaga koʻplab xavfli jinoyatchilar kirib kelgani, odamlarni oʻldirgani, ayollarni zoʻrlagani va ularning hammasini qoʻlga olib, deportatsiya qilish kerakligini taʼkidlagan. Ayni paytda – ICE (United States Immigration and Customs Enforcement – AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati) faol ishlamoqda, xorijliklarni deportatsiya qilmoqda. Ammo statistik maʼlumotlarga koʻra, hibsga olingan va deportatsiya qilingan odamlar orasida jinoiy oʻtmishga ega shaxslar 5% dan ham kam. Bu esa Trampning saylovoldi tashviqoti paytida aytgan soʻzlariga mos kelmayapti.

“Grin kard”ni butunlay bekor qilish uchun huquqiy asos bormi?

Maʼlumki, AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati viza bermaydi. Immigratsiya va bojxona xizmati mamlakatdagi xorijliklarning maqomini oʻzgartirish borasidagi arizalarni koʻrib chiqadi.

Qonunga koʻra, “Grin kard” lotereyasi Milliy xavfsizlik departamenti va Immigratsiya va bojxona xizmati tomonidan boshqarilmaydi. Uni Davlat departamenti nazorat qiladi. Shuning uchun Kristi Noem lotereyani bekor qilish, hatto uni toʻxtatib qoʻyish vakolatiga ham ega emas.

Qolaversa, “Grin kard” lotereyasi yiliga atigi 55 000 vizani taqdim etsa-da, “Grin kard” yiliga milliondan ortiq xorijlikka beriladi. Toʻgʻri, oxirgi 10 yil ichida “Grin kard” yutgan bir yoki ikki kishi ommaviy otishma kabi dahshatli harakatlar sodir etgani yoki 2017 yilda IShID aʼzosi Nyu-Yorkda olomon ustiga mashina haydagani achinarli. Maʼlum boʻlishicha, u “Grin kard” lotereyasini yutib, AQShga kirib kelgan. Biroq bu holatlar shunchalik kamki, azbaroyi ularni bahona qilib, butun bir lotereya dasturini taqiqlash mantiqqa ham, qonunga ham toʻgʻri kelmaydi.

Nega lotereya qaytalanishi mumkin?

“Grin kard” lotereyasi butunlay toʻxtatilgani haqida qatʼiy rasmiy hujjatlar yoki AQSh hukumati rasmiylarining izohlari yoʻq. Chunki na Donald Tramp, na Kristi Noem, na Marko Rubio lotereyani bekor qilish huquqiga ega emas. Zero, “Grin kard” lotereyasi qonun bilan 1990 yilda joriy etilgan va unga Kongress ovoz bergan.

Maʼlumki, AQShda prezident va uning kabinetining barcha aʼzolari ushbu qonunlarni amalga oshiradigan ijro etuvchi hokimiyat vakillari xolos. Ular kongress qarorlarini shunchaki oʻzgartira olmaydi. Faqat Kongress bunday vakolatga ega. Shunga koʻra, lotereya qonunga kiritilgani va Davlat departamenti tomonidan boshqarilgani sababli, ular har bir aniq moliya yilida arizalarni qabul qilishlari va oʻyin oʻtkazishlari shart. 2026-moliyaviy yil esa 2025 yil 1 oktabrda boshlandi va 2026 yil 30 sentabrda yakunlanadi. Shuning uchun Davlat departamenti ushbu muddat ichida lotereyani oʻtkazish, arizalarni qabul qilishga majbur. Va uni oʻtkazmaslik haqida hali hech kim bayonot bermadi.

Kongress 1990 yildagi qonunni bekor qilishi mumkin, ammo buning uchun har ikki palataning uchdan ikki qismi – Vakillar palatasi va Senat maʼqullashi kerak boʻladi. Ammo respublikachilar, agar xohlasalar ham, bunday qoʻllovga ega emas. Aksincha, Kongressning koʻplab aʼzolari immigratsiya sohasida keng qamrovli islohot oʻtkazilishini istaydi, biroq buning uchun Tramp, respublikachilar va demokratlarda yoʻq miqdor – uchdan ikki ovozni olishi shart. Shuning uchun ayni davrda lotereyani bekor qilishlari imkonsiz. Buning uchun qonunni oʻzgartirishlari kerak.

Qolaversa, 1 yildan soʻng AQShda oraliq prezident saylovlari oʻtkaziladi. Tarixiy anʼanaga koʻra, Oq uyda hukmron prezident partiyasi odatda bu saylovlarda yutqazib qoʻyishini hisobga olsak, hali-beri bunday keng qamrovli qonunchilik oʻzgarishlari kutilmaydi, deyish mumkin.

Trampning azaliy orzusi

Eslatib oʻtamiz, Donald Tramp uzoq vaqtdan beri “Grin kard” lotereya dasturiga qarshi chiqib keladi. 2017 yilda, oʻzining birinchi muddatida ham Tramp DV-1 dasturini bekor qilishni talab etgan edi. Bunga turtki boʻlgan hujum – Nyu-York shahrida pikap haydovchisi velosiped yoʻliga chiqib, odamlarni va maktab avtobusini urib yuborgani boʻldi. AQSh rasmiylariga koʻra, terrorchi – oʻzbekistonlik muhojir Sayfullo Soipov AQShga DV-1 immigratsiya dasturi boʻyicha kelgan.

2020 yilda esa Tramp elchixona va konsullik vizalarini rasmiylashtirish ishlarini toʻxtatib qoʻyish uchun COVIDdan bahona sifatida foydalandi. Bu esa 2019 yilda oʻtkazilgan lotereyada gʻolib boʻlgan va 2020 yilda immigrantlik vizasi olishi kerak boʻlgan odamlar huquqini buzdi. Natijada 20 000 dan ortiq xorijlik AQSh prezidentini sudga berdi. Tramp yutqazdi. Nihoyat, 2020 yil 4 sentabrda sud AQSh hukumatiga lotereyada yutganlarning arizalarini qayta koʻrib chiqishni buyurdi.

Hozir ham shunga oʻxshash vaziyat paydo boʻldi. Bundan tashqari, hozirgi vaziyat vaqtincha tanaffus boʻlib, qonunga koʻra tez orada Davlat departamenti ham, Ichki xavfsizlik departamenti ham bu pauza qancha davom etishini eʼlon qilishi kerak. Bu 30, 60 yoki 90 kun boʻlishi mumkin. Ammo bu pauza lotereyaga taʼsir qilmaydi, faqat oʻtgan yili “Grin kard” lotereyasini yutganlar uchun vizalar berilishi va maqomiga taʼsir qiladi. Boshqa toifadagi murojaat etuvchilarga emas.

Bundan tashqari, shu yilning yozida, lotereyaga ariza berish jarayoniga oʻzgartirishlar kiritilishi, xususan, lotereya avvalgidek tekin emas, 1 dollarlik toʻlov evaziga boʻlishi maʼlum qilindi. Demak, hozircha lotereyani butkul bekor qilish haqida rejalar yoʻq.

Trampning populistik bayonotlari

Hozirgacha Donald Tramp koʻplab populistik va shov-shuvli bayonotlar bergan boʻlsa-da, ularning aksariyati amalga oshmaganini inobatga olish lozim.

Birinchidan, 2025 yil boshida Donald Tramp AQShda tugʻilgan bolalar fuqaroligini bekor qilishini bir necha bor taʼkidlagan edi. Yaʼni, “Grin kard”ga ega boʻlmagan, noqonuniy immigrant, yoki turistik, yoki talaba vizasi bilan AQShda boʻlib turgan ota-onalarning farzandlariga fuqarolik berish toʻxtalishi aytildi.

Lekin koʻpgina sudlar ushbu qaror ijrosiga qarshi chiqdi. Tabiiyki, barcha sudlar Konstitutsiya tomonida edi, chunki bu – Rim huquqiga xos Jus soli deb ataladigan tushuncha mavjud boʻlib, maʼlum bir mamlakat hududida tugʻilish orqali fuqarolikni olish AQSh Konstitutsiyada mustahkamlangan. Tabiiyki, aksariyat sudlar Donald Tramp emas, Konstitutsiya tarafini oldi. Endi bu farmonni Oliy sud koʻrib chiqishi kerak. Lekin Oliy sud ham Konstitutsiya foydasiga qaror chiqarishiga shubha yoʻq, chunki bu huquqii oʻzgartirish faqat Konstitutsiyani oʻzgartirish orqali amalga oshirilishi mumkin.

Shu bois ishonch bilan aytish mumkinki, ertami-kechmi, millionlab odamlarning “Amerika orzusi”ga erishish imkoniyati qayta tiklanadi – “Grin kard” lotereyasi yana oʻtkazila boshlaydi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid