Bolalarga nisbatan zoʻravonlik haqida xabar bermaganlar javobgarlikka tortiladi
Bu taʼlim, sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlariga tegishli. Zoʻravonlik xavfi ostidagi bolalar uchun tutingan oila xizmati yoʻlga qoʻyiladi.

Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi.
Zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
"2026–2030 yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida"gi Prezident Farmoni (PF–256-son, 24.12.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2026 yil 1 fevraldan zoʻravonlik natijasida oilasidan olingan va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
Professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar bolalardagi zoʻravonlik natijasida olingan ruhiy jarohatning salbiy taʼsirini kamaytirish, xulq-atvoridagi ogʻishishlar va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida oʻqitiladi.
Zoʻravonlik natijasida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga "Inson" markazlari va mazkur oilalar oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi.
Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablagʻ toʻlab boriladi.
Bunday oilaga joylashtirilgan har bir bolaning yashash xarajatlari uchun qonunchilikka muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablagʻ ajratiladi.
2026 yil 1 sentabrdan:
- zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarga va zoʻravonlikka guvoh boʻlgan bolalarga ular tegishli protsessual xatti-harakatlarga jalb etilgan vaqtdan eʼtiboran davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladi;
- zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki koʻrsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi;
- taʼlim, sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zoʻravonlik bilan bogʻliq aniqlangan faktlar haqida xabar bermaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik joriy etiladi.
2026 yil 1 martdan "Inson" markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun "mehrli oila" xizmati tashkil etiladi.
"Mehrli oila" xizmatiga ota-onalar Bolalar masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining qarori asosida jalb qilinadi.
"Mehrli oila" xizmatiga jalb qilingan ota-onalarga farzandlarining oilasi bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga koʻmaklashish uchun "oilaviy terapiya" xizmatlari bepul koʻrsatiladi.