Xorazm viloyati IIB tezkor vakili 30 ming dollar bilan ushlandi
U 12 sotix yer maydonida uy-joy qurish uchun hokimiyat idoralarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga pora olgan.

Joylarda noqonuniy holatlar aniqlandi.
Xorazm viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining katta tezkor vakili Xiva shahri hududidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekish uchun ajratilgan 12 sotix yer maydonida uy-joy qurish uchun hokimiyat idoralarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga fuqarodan 30 ming AQSh dollari olgan.
U jarayon vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Fargʻona viloyatida kuzatilgan holatda Buvayda tumanida yashovchi, 1998 y.t. shaxs 2006 y.t. tanishi bilan til biriktirib, oʻzi va 14 nafar yoshlarga dehqonchilik qilish uchun davlat tomonidan imtiyozli shartlar asosida ajratilgan jami 3 gektar yer maydonini tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 115 mln soʻm talab qilishib, 9500 AQSh dollari va 700 ming soʻm olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 229-6-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Nukusda soxta bank xodimi qoʻlga olingandi.
U ikki fuqaroga jami 1,5 mlrd soʻm imtiyozli kredit mablagʻlarini ajratib berishini aytgan.