Oʻzbekistonda avtomobil raqamlarini kuzatish tizimi internetda himoyasiz ekani aniqlandi
Tizimda Oʻzbekistonning deyarli barcha hududlari — katta shaharlardan tortib chekka qishloqlargacha boʻlgan 100 ga yaqin joylashuvlar koʻringan.

Oʻzbekistonda yoʻl harakatini nazorat qiluvchi avtomobil raqamlarini kuzatish tizimi internetda parolli himoyasiz ekani xabar qilindi.
Xalqaro texnologik nashr TechCrunch’ning xabar berishicha, Oʻzbekiston tomonidan foydalaniladigan avtomobil raqamlarini skanerlash va kuzatish milliy tizimi internet tarmogʻida hech qanday parolsiz, ochiq holda aniqlangan.
Ushbu xatolik tufayli istalgan shaxs mamlakat boʻylab oʻrnatilgan kameralardan olinayotgan jonli videolarni va millionlab haydovchilarning shaxsiy maʼlumotlarini koʻrish imkoniga ega boʻlgan.
Tizimda Oʻzbekistonning deyarli barcha hududlari — katta shaharlardan tortib chekka qishloqlargacha boʻlgan 100 ga yaqin lokatsiyalar koʻringan. Kameralar banki orqali nafaqat avtomobil raqamlari, balki:
-Haydovchi va yoʻlovchilarning yuzlari tushirilgan yuqori sifatli kadrlar;
-Mashinalarning harakatlanish trayektoriyasi;
-Aniq vaqt va manzil koʻrsatilgan arxiv maʼlumotlari ochiq boʻlgan.
Toshkentda kameralar oʻndan ortiq nuqtada joylashgan boʻlib, ularning baʼzilarini hatto Google Street View xizmati orqali ham koʻrish mumkin.
Kuzatuv tizimida asosan Xitoyning Maxvision kompaniyasi ishlab chiqargan kameralar va texnologiyalardan foydalanilgani aytilmoqda. Ushbu kompaniya ilgari ham turli mamlakatlarda xavfsizlik va inson huquqlari bilan bogʻliq tanqidlarga uchragani aytilgan.
TechCrunch maʼlumotlariga koʻra, tizim Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan boshqariladi.
Nashr ushbu xatolik boʻyicha Oʻzbekiston rasmiylariga soʻrov yuborganidan soʻng, tizimga kirish cheklangani aytilmoqda. Biroq, maʼlumotlar qancha vaqt davomida ochiq turgani va ularni kimlar koʻchirib olgani nomaʼlumligicha qolmoqda.