Ikki marta sudlanib, jazodan qutulib qolgan shaxs 18 yilga qamaldi
U 2018 yilda tugʻilgan qizning oʻlimida aybdor deb topilgan. Oʻta xavfli retsidivist avval ham nomusga tegish jinoyatini sodir etgan.

Ikki marta sudlanib, jazodan qutulib qolgan shaxs 18 yilga qamaldi.
U 2018 yilda tugʻilgan qizchaning oʻlimida aybdor deb topildi.
Bugun jinoyat ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tuman sudida B. S.ga (1987 yilda Namangan viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlanib, xavfli retsidivist deb topilgan) oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqildi.
Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq B. S. voyaga yetmagan I. K. (qiz bola, 2018 yilda tugʻilgan)ga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi (oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish) 1-qismi, 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi va 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (retsidiv jinoyat) 3-qismi “a” bandiga asosan B. S. oʻta xavfli retsidivist deb topildi.
B. S. tayinlangan jazo muddatining dastlabki 3 yilini turmada, jazoning qolgan muddatini maxsus tartibli koloniyalarda oʻtashi belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Namangan viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.
Taʼkidlash kerakki, ushbu shaxs 2014 va 2020 yillarda ham sudlangan.