Uy-joylar va ijara narxining dollarda oʻsishi tezlashdi
2025 yil sentabr holatiga koʻra koʻp qavatli birlamchi uy-joy narxlari soʻmda 2,4 foizga, dollarda esa 5,5 foizga oʻsgan.

Markaziy bank tomonidan 2025 yil III choragi uchun Koʻchmas mulk bozori tahlili eʼlon qilindi.
Tahlil natijalariga koʻra bozordagi yuqori faollik:
2025 yil yanvar–sentabr oylarida koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 229,8 mingtani tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12,8 foizga oshdi.
III chorakning oʻzida 81,4 mingta shartnoma rasmiylashtirildi.
Hududlar kesimidagi oʻsish dinamikasi:
Shartnomalar sonining oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori oʻsishi respublikaning aksariyat hududlarida kuzatildi. Fargʻona vodiysi viloyatlari yetakchilar qatorida boʻlib, shartnomalar soni 7–8 %ga oʻsdi, eng past oʻsish esa Toshkent shahrida (1,7 %) qayd etildi.

Ipoteka hisobiga qoʻllab-quvvatlanayotgan oʻsish:
2025 yil III choragida ipoteka kreditlari hajmi 5,6 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 14,9 %ga oshdi. Tijorat banklarining ipoteka portfeli qoldigʻi qariyb 17 %ga oʻsdi. Aholi real daromadlarining oʻsishi ham davom etib, 8,4 %ni tashkil etdi va uy-joyga boʻlgan talabni qoʻllab-quvvatladi.
Qurilish va taklifning yuqori faolligi:
2025 yil yanvar–sentabr oylarida qurilish ishlari real hajmining oʻsishi 14,2 %ni tashkil etdi. Foydalanishga topshirilgan uy-joylarning umumiy maydoni 11,1 mln kvadrat metrga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 2,4 %ga oshdi. Oʻsish, asosan, yakka tartibdagi uy-joylar hisobiga taʼminlanmoqda.

Uy-joy – muhim investitsiya vositasi:
III chorak yakunlariga koʻra, turar-joy qurilishining jami asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalardagi ulushi 6 %ni tashkil etdi (yil boshidan buyon yigʻilgan ulush – 7,2 %). Aholining isteʼmol kayfiyati boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovda respondentlarning qariyb 6 % kuzatuv davrida turar-joy sotib olganini bildirgan. Shu bilan birga, kelgusida uy-joy sotib olish niyatida boʻlganlar ulushi biroz pasaygan.
Narxlar dinamikasi:
Milliy valyutada uy-joy narxlari oʻsishi moʻtadil surʼatda, AQSh dollari hisobida esa nisbatan sezilarli boʻldi. 2025 yil sentabr holatiga koʻra, koʻp qavatli birlamchi uy-joy narxlari soʻmda 2,4 %ga, dollarda esa 5,5 %ga; ikkilamchi koʻp qavatli uy-joy bozorida esa soʻmda 1,8 %ga, dollarda 5,0 %ga oshdi.
Ijara bozori:
III chorakda, ayniqsa avgust–sentabr oylarida mavsumiy talabning kuchayishi fonida ijara bozori faollashdi. 2025 yil sentabr oyiga kelib, ijara narxlarining dollarda yillik oʻsishi Toshkent shahrida 5,4 %ni, respublika boʻyicha umumiy ijara indeksi esa 8,4 %ni tashkil etdi. Bu ijara bozorida talabning kuchaygani va bozorning bosqichma-bosqich muvozanatlashayotganidan dalolat beradi.