platina.uz
Iqtisod

Toʻqimachilik sanoatida ishlab chiqarish hajmi 134 trillion soʻmga yetdi

Tarmoqda band aholi soni 623 ming nafarga yetgan, ushbu koʻrsatkichni 650 ming nafargacha oshirish imkoniyati mavjud. Sohani barqaror rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar ham sanab oʻtildi. 

Toʻqimachilik sanoatida ishlab chiqarish hajmi 134 trillion soʻmga yetdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 dekabr kuni toʻqimachilik sanoatida 2025 yil yakunlari hamda kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilda tarmoqda erishilgan natijalar, ishlab chiqarish va eksport koʻrsatkichlarining oʻsish dinamikasi, shuningdek, 2026 yilga moʻljallangan maqsadli rejalar atroflicha koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, 2025 yilda toʻqimachilik sanoatida ishlab chiqarish hajmi 134 trillion soʻmni tashkil etgan. Xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish 2,1 milliard dollarga yetgan. Eksport hajmi esa 2,5 milliard dollarni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan oʻsish taʼminlangan. Tarmoqda band aholi soni 623 ming nafarga yetgani, kelgusi yilda ushbu koʻrsatkichni 650 ming nafargacha oshirish imkoniyati mavjudligi taʼkidlandi.

2026 yilda paxta xomashyosini qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish hamda gazlama, trikotaj va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish koʻzda tutilgan. Mahsulot ishlab chiqarish hajmini 147 trillion soʻmga, eksportni esa 3,3 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Tarmoqqa 2,2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish reja qilingan. Buning 207 ming tonnalik sintetik, aralash ip, 397 million kvadrat metrlik gazlama, 224 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hamda 108 million kvadrat metr mato boʻyash boʻyicha qoʻshimcha quvvatlar barpo etiladi.

Shu bilan birga, tarmoqni barqaror rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan ayrim omillar ham qayd etildi. Xususan, paxta tolasiga boʻlgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanayotgani, moliyaviy resurslar qiymatining yuqoriligi, tashqi bozorlarda logistika xarajatlari ortishi va ayrim yoʻnalishlarda malakali mutaxassislar yetishmasligi soha oldida turgan dolzarb vazifalar sifatida koʻrsatib oʻtildi.

Ushbu muammolarni hal etish maqsadida 2026 yil uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, korxonalarga aylanma mablagʻ uchun 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratish, 138 ta korxonani moliyaviy sogʻlomlashtirish, 100 ta yangi korxonani eksport faoliyatiga jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratiladi. “Better Work”, “BCI”, “FWF”, “Organic EU” kabi dasturlar 60 ta korxonada tatbiq etiladi, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari 15 ta korxonada joriy qilinadi. Shuningdek, tayyor mahsulotlar sifati boʻyicha 24 turdagi tahlillarni oʻtkazuvchi zamonaviy toʻqimachilik laboratoriyasi tashkil etiladi.

Tarmoqda raqamlashtirishni jadallashtirish, ERP tizimlari va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish koʻzda tutilgan. Bu jarayonga 40 ta korxona jalb etiladi.

Xorijiy hamkorlikni kengaytirish doirasida xalqaro sorsing kompaniyalari va yirik brendlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, marketing tadqiqotlari va xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etish, xorijiy korxonalar relokatsiyasini ragʻbatlantirish boʻyicha aniq rejalar belgilab olingan.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan yondashuvlarni maʼqullab, tarmoqda tayyor mahsulot ulushini izchil oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, investitsiya va eksport salohiyatini toʻliq ishga solish boʻyicha masʼullar oldiga aniq vazifalarni qoʻydi. Barcha chora-tadbirlar tarmoqni barqaror, raqobatbardosh va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan tizimga aylantirishga xizmat qilishi zarurligi taʼkidlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid