AQSh sanksiyasiga uchragan Oʻzbekiston kompaniyasi kiberjinoyatlarga aloqador boʻlgani aniqlandi
Kompaniya Rossiyada faoliyat yurituvchi “Media Land” nomli IT-tuzilma bilan bogʻliq boʻlgan.

AQSh sanksiyalariga kiritilgan Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan kompaniya kiberjinoyatlarga aloqador boʻlgani aniqlandi.
Gap Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan “Datavice” kompaniyasi haqida bormoqda.
Joriy yilning noyabr oyida “Datavice” kompaniyasi AQSh sanksiyalariga kiritilgani xabar berilgandi.
Tafsilotlarga koʻra, AQSh Rossiyada faoliyat yurituvchi “Media Land” nomli IT-tuzilma va u bilan bogʻliq kompaniyalarga nisbatan qoʻllagan sanksiyalar doirasida Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan “Datavice” MChJ ham roʻyxatga kiritilgan.

AQSh rasmiylari maʼlumotiga koʻra, “Media Land” kiberjinoyatchilar uchun moʻljallangan “bulletproof hosting” infratuzilmasini taqdim etgan. Aynan shu serverlardan yirik “ransomware” guruhlari foydalangan, shuningdek, ular AQSh kompaniyalari va muhim infratuzilmalarga qarshi kiberhujumlarda ishlatilgan.
Oʻzbekistondagi “Datavice” MChJga esa “Media Land” bilan bogʻliq xalqaro tarmoq tarkibidagi xorijiy kompaniyalardan biri sifatida sanksiya qoʻllanilgan.