2028 yildan bojxonada qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalar belgilanadi
Muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda hujjatlarni majburiy tarzda Texnik jihatdan nazorat inspeksiyasi tekshiruvidan oʻtkazish bekor qilinadi.

Bojxona sohasida qonunbuzilish holatlarining oldi olinadi.
“Bojxona maʼmuriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–250-son, 17.12.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2028 yil 1 yanvardan bojxona sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalarni qoʻllash tartibi joriy etiladi.
2026 yil 1 maydan tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashning quyidagi shaffof mexanizmi joriy etiladi:
- taqiq va cheklovlar reyestri yuritiladi, ularni oʻrnatishdan kamida 3 oy oldin “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida eʼlon qilinadi;
- vakolatli davlat idoralari, ularning quyi tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan har bir turdagi xizmatlar uchun yigʻimlar (toʻlovlar) miqdori va kalkulyatsiyasi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida eʼlon qilinadi;
- mazkur talablarga rioya etilmasdan oʻrnatilgan taqiq va cheklovlar, yigʻimlar ijroga qaratilmaydi.
2026 yil 1 yanvardan quyidagilar bekor qilinadi:
- muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda hujjatlarni majburiy tarzda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tekshiruvidan oʻtkazish;
- sertifikatlash organlarida belgilangan tartibda davriy baholash oʻtkazmasdan turib Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ularni elektron tizimdan uzib qoʻyish;
- muvofiqlik sertifikati berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror mavjud boʻlmaganda hamda xorijiy davlatlar maʼlumotlari asosida mahsulotlarni sertifikatlash jarayoniga cheklov va taqiq oʻrnatish.
2026 yil 1 maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona toʻlovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida toʻlash imkoniyati yaratiladi.