platina.uz
Jamiyat

Ulush kiritish asosida uy-joy sotish tartibini qayta koʻrib chiqish taklif etildi

Vazirlar Mahkamasi ulushli qurilish obʼektlarini nazorat qilish va monitoring oʻtkazish tartibini belgilaydi. 

Ulush kiritish asosida uy-joy sotish tartibini qayta koʻrib chiqish taklif etildi

"Koʻp kvartirali uylar va boshqa koʻchmas mulk obʼektini ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisida" qonun loyihasi eʼlon qilindi.

Unga koʻra, ulushli qurilish (uy-joyni qurilish jarayonida ulush asosida sotish) tartibini qayta koʻrib chiqish taklif qilinmoqda.

Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.

Ulushli qurilish bozoridagi xavf-xatarlar — qurilishning kechikishi, loyihaning toʻxtab qolishi yoki mablagʻlarning maqsadsiz sarflanishi koʻpchilik uchun dolzarb muammo boʻlib kelmoqda.

Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

-qonuniylik;

-ochiqlik va shaffoflik;

-ulushdorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish;

-tenglik.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

-ulushli qurilish sohasida davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;

-ushbu Qonunga muvofiq ulushli qurilish sohasidagi tartibga soluvchi, vakolatli, nazorat qiluvchi va roʻyhatga oluvchi organlarni, shuningdek Uy-joy qurilishining yagona axborot tizimi operatorini belgilaydi;

-ulushli qurilish obʼektlarining ulushli qurilishini nazorat qilish va monitoring oʻtkazish tartibini belgilaydi;

-ulushli ishtirok etish shartnomasining tavsiya etiladigan namunaviy shaklini tasdiqlaydi;

-maxsus vakolatli tashkilotning moliyaviy barqarorlik meʼyorlarini belgilaydi;

-loyihaviy moliyalashtirish shartnomalari boʻyicha pul mablagʻlarini muddatidan oldin talab qilib olish holatlari roʻyxatini tasdiqlaydi;

-Uy-joy qurilishining yagona axborot tizimini yuritish tartibini belgilaydi;

-Uy-joy qurilishining yagona axborot tizimiga axborot joylashtirishi shart boʻlgan va (yoki) huquqqa ega boʻlgan shaxslar roʻyxatini tasdiqlaydi;

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:

-tegishli hududda shaharsozlik va ulushli qurilish qonunchiligiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar bilan hamkorlik qiladi;

-shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish koʻrsatkichlari va istiqbolli urbanizatsiya jarayonlari asosida muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalarini hal etadi;

-oʻz hududida shaharsozlik faoliyati shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmagan taqdirda, uni cheklash, toʻxtatib qoʻyish yoki taqiqlash boʻyicha sudga murojaat qiladi;

-shaharsozlik sohasida qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisida aholini xabardor qiladi;

-qurilish obʼektlarida yuzaga keladigan xavflar toʻgʻrisida vakolatli organni xabardor qiladi;

-oʻzboshimchalik bilan qurilgan binolarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda buzishni tashkil etadi;

-developer (quruvchi) yoki maxsus vakolotli tashkilot tomonidan qonunchilik hujjatlarida va ulushli ishtirok etish shartnomasidagi majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda, ulushli qurilish ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha choralar koʻradi;

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Mablagʻlarni jalb qilish vaqtida belgilangan tartibda foydalanishga topshirilmagan ulushli qurilish obʼektiga nisbatan mulk huquqining paydo boʻlishi uchun ulushdorlarning mablagʻlarini jalb qilishga faqat ushbu Qonunda belgilangan tartibda ulushli ishtirok etish shartnomasi asosida yoʻl qoʻyiladi.

Qurilishi tugallanmagan va foydalanishga topshirilmagan koʻchmas mulk obʼektidagi ulushli qurilish obʼektlari uchun ulushdorlarning mablagʻlarini quyidagi hollarda va usullarda jalb qilish taqiqlanadi:

Ushbu Qonunda nazarda tutilmagan har qanday boshqa tartiblar, talablar va shartlar asosida;

-qimmatli qogʻozlarni emissiya qilish shartlariga muvofiq koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqini vujudga keltiruvchi qimmatli qogʻozlarni ulushdorlarga taklif etish va sotish;

-ulushdorlarga binolarni talab qilish huquqini beruvchi pay fondlarini ishonchli boshqarish shartnomalari orqali jalb qilish;

-xoʻjalik shirkatlarini tashkil qilgan holda ulushdorlarning pul mablagʻlarini ulushli qurilish obʼektlarini qurish uchun jalb qilish.

Ushbu moddada belgilangan talablarni buzgan holda ulushdorlarning pul mablagʻlarini qurilishga jalb etish boʻyicha tuzilgan bitim haqiqiy emas deb hisoblanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid