Prezident Shavkat Mirziyoyevga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi
Soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshgani qayd etildi.

Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori sanaladi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yigʻilishidagi nutqida aytib oʻtdi.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida oʻtgan uchrashuvda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham qatnashdi.
YeOII kuzatuvchi davlatlari rahbarlari — Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel va Eron prezidenti Masʼud Pezeshkiyon ishtirokchilarga videomurojaat yoʻlladi. Taklif qilingan davlat vakili sifatida tadbirda Indoneziya savdo vaziri Budi Santoso ishtirok etdi.
Oʻzbekiston prezidenti nutqi avvalida global bozorlarning tobora parchalanib borayotgani, logistika zanjirlarining murakkablashayotgani va investitsiya resurslarini taqsimlashda ustuvor yoʻnalishlarning oʻzgarayotganini qayd etdi.
Kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlikning soʻnggi toʻrt yilida Oʻzbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshgani aytildi.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, agrar sanoat va transport sohalarida 40 ga yaqin aniq tadbirlarni oʻz ichiga olgan uch yillik reja amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Qoʻshma ishchi guruh formatidagi beshinchi yigʻilishni 2026 yilda Toshkent shahrida oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Prezident, shuningdek, YeOIIning elektron savdoni rivojlantirish, yuk tashishni raqamlashtirish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha tarmoq dasturlarida ishtirok etilayotganini aytdi.
Oʻzbekiston va YeOII bojxona chegaralari orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida axborot almashish toʻgʻrisida bitim tuzish boʻyicha muzokaralarni boshlash haqidagi qaror qabul qilindi.
Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida N.A.Rimskiy-Korsakov nomidagi Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin huzurida xalqaro mukofotni uning hayʼati raisi, Mariinskiy teatri badiiy rahbari va bosh direktori, Rossiya Katta teatri bosh direktori, dirijyor Valeriy Gergiyev topshirdi.

Uch mamlakat yetakchilari ushbu nufuzli mukofotga Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan shaxsiy hissasi uchun sazovor boʻldilar.
Hakamlar hayʼatining qarorida taʼkidlanganidek, 2025 yil 31 mart kuni Xoʻjand shahrida uchta davlat rahbarlari Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi toʻgʻrisidagi shartnoma va Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi Xoʻjand deklaratsiyasini imzoladilar va shu bilan xalqaro huquq ustuvorligiga asoslangan umumiy va barobar xavfsizlikni taʼminlash, xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuv hamda hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qoʻshdilar.
Ushbu mukofot insonparvarlik gʻoyalariga sadoqatni ifodalashi va Markaziy Osiyoni tinchlik, farovonlik hamda bunyodkorlik makoniga aylantirish yoʻlidagi umumiy hissaning eʼtirofi ekani taʼkidlandi. Birodar Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishi uch mamlakat xalqlarining siyosiy irodasi, oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikka intilishi tufayli boʻlgani qayd etildi.