“Ona Yer nidosi” hujjatli filmi premerasi boʻlib oʻtdi
“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ushbu tadbirda ishtirok etdi.

Yerlarning tanazzulga uchrashi insoniyatning eng jiddiy ekologik muammolaridan biri boʻlib, undan Yer yuzidagi quruqlikning 40 foizi va 3,2 milliard kishi aziyat chekmoqda.
Markaziy Osiyoda umumiy yer maydonining qariyb 37 foizi degradatsiyaga uchragan boʻlib, bu oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslari va iqlim barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 26 foizga yetgan: shoʻrlanish darajasi ortmoqda, tuproqdagi gumus miqdori va qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi kamaymoqda.
Muammoning jahon miqyosidagi dolzarbligini hisobga olib, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va "Zamin" fondi koʻmagida "Ona Yer nidosi" hujjatli filmi suratga olindi va 4 dekabr kuni Butunjahon tuproq kuniga bagʻishlangan xalqaro tadbirlar doirasida FAOning Italiyadagi Bosh qarorgohida ilk bor jamoatchilikka namoyish etildi.
Oʻzbekistonda ushbu filmning premerasi "Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti hamda Davlat agrar universitetida boʻlib oʻtdi.
Bu film kamdan-kam hollarda kadrda koʻrinadigan, ammo har kuni yer bilan ishlaydigan odamlar — fermerlar, agronomlar, olimlar haqida.
"Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi talabalar bilan samimiy suhbatda tuproq degradatsiyasi muammolarini muhokama qildi, boʻlajak mutaxassislarning gʻoya va takliflarini diqqat bilan tinglab, ekologik jarayonlar mintaqaning oziq-ovqat xavfsizligi uchun qanchalik xavfli ekanini taʼkidladi.
Ziroat Mirziyoyeva eko-maktab oʻquvchilari va talabalar bilan birgalikda tuproqning qadr-qimmati, uni dehqonlarning koʻp asrlik tajribasi, barqaror amaliyotlar va ilgʻor texnologiyalarni uygʻunlashtirish orqali asrab-avaylash boʻyicha fermer va olimlarning saʼy-harakatlari haqidagi hujjatli filmni tomosha qildilar.
Tadbirda, shuningdek, aloqador vazirlik va idoralar, FAO, BMT, BMTTD, Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi (GIZ), Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD), Qurgʻoqchil hududlarda qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA), KFW taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva “Ona Yer nidosi” hujjatli film premerasida ishtirok etdi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi, FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va "Zamin" fondi koʻmagida suratga olingan film har kuni yer bilan ishlaydigan, ammo kamdan-kam eʼtibor markazida boʻladigan fermerlar, agronomlar va olimlar faoliyatini yoritadi.

Filmni “Zamin” fondining Youtube kanali orqali tomosha qilish mumkin.