platina.uz
Jamiyat

Mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish nafaqalarini tayinlash tartibi belgilandi

Toʻlovlar eng kam sugʻurta stajiga va Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali toʻlangan sugʻurta badaliga mutanosib ravishda toʻlanadi. 

Mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish nafaqalarini tayinlash tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 17.12.2025 yildagi "Aholiga davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 796-son qarori qabul qilindi.

Prezidentning 03.11.2025 yildagi PF-206-son Farmoniga muvofiq 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat ijtimoiy sugʻurtasining yangi tizimi joriy etiladi.

Bunda toʻlovlar fuqarolarga ularning eng kam sugʻurta stajiga va Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali toʻlangan sugʻurta badaliga mutanosib ravishda toʻlanadi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:

-Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sugʻurtasi jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom;

-Jamgʻarma Kuzatuv kengashining tarkibi;

-Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasining tuzilmasi;

-Davlat ijtimoiy sugʻurtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tugʻish nafaqalarini tayinlash hamda toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.

Jamgʻarma orqali proaktiv shaklda homiladorlik va tugʻish nafaqasi (2026 yil 1 yanvardan) hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi (2026 yil 1 iyuldan) tayinlanadi va toʻlanadi.

Fuqarolarni davlat ijtimoiy sugʻurtasi bilan qamrab olish quyidagi shartlarda amalga oshiriladi:

majburiy asoslarda – stavkasi Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun bilan belgilanadigan JShDSning bir qismi hisobiga;

ixtiyoriylik asosida – MHTEKMning 5 foizi miqdoridagi har oylik sugʻurta badalining eng kam miqdorini toʻlash hisobiga.

Sugʻurtalangan shaxslar, ularning sugʻurta staji va badallari hisobini yuritish, shuningdek, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni tayinlash va toʻlash jarayonlari "Raqamli hukumat" tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadigan maʼlumotlar asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimida amalga oshiriladi.

Nizomga muvofiq sugʻurta hodisasi yuz berganda sugʻurtalangan shaxslarga toʻlovlar quyidagi shartlar asosida tayinlanadi:

– davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni olish huquqi, agar sugʻurta hodisasi:

-sugʻurtalangan shaxslar ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan davrda;

-yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida xizmatlar koʻrsatish davrida;

-qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa rasmiy faoliyat bilan shugʻullanish davrida.

– agar sugʻurta staji homiladorlik va tugʻish nafaqasini olish uchun kamida 10 oyni va vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini olish uchun kamida 6 oyni tashkil etsa.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini toʻlash mehnatga qobiliyatsizlik varaqasida koʻrsatilgan butun davr uchun, biroq bir kalendar yil mobaynida 182 kalendar kundan ortiq boʻlmagan davr uchun amalga oshiriladi.

Homiladorlik va tugʻish nafaqasi miqdorini hisoblashda oʻrtacha oylik ish haqiga sugʻurtalangan shaxsning sugʻurta stajiga mutanosib ravishda staj koeffitsiyenti qoʻllaniladi. Bunda nafaqa toʻlash sugʻurta stajiga bogʻliq:

10 oydan 24 oygacha (24 oy ham kiradi) – 75%;

25 oydan 60 oygacha (60 oyni ham qoʻshib hisoblaganda) – 85%;

61 oydan boshlab – 100%.

Sugʻurtalangan shaxslarga davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha tayinlangan toʻlovlarni toʻlash moliya agenti tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 19.12.2025 yildan kuchga kirdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid