Jismoniy shaxslar uchun mikroqarz va isteʼmol kreditlari boʻyicha maksimal miqdor belgilandi
2026 yil 1 martdan boshlab qarzning daromadga nisbatan koʻrsatkichi boʻyicha talablar joriy etiladi.

Jismoniy shaxslar uchun mikroqarz va isteʼmol kreditlarini olish mumkin boʻlgan maksimal miqdorlar belgilandi.
Adliya vazirligi Banklarga oʻrnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha toʻlovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi (roʻyxat raqami 3618-1, 2025 yil 18 dekabr).
Unga koʻra:
Banklarga oʻrnatiladigan makroprudensial normativlarga qarz oluvchining isteʼmol kreditlari va (yoki) mikroqarzlari boʻyicha qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichini hisoblash talabi qoʻshildi.
2026 yil 1 martdan boshlab qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchining) oʻrtacha oylik daromadlarini aniqlash imkoniyati:
- mavjud boʻlsa, qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichi 8 barobardan;
- mavjud boʻlmasa, qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichi 5 barobardan oshmasligi belgilandi.
Masalan, qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadlarini aniqlash imkoniyati mavjud boʻlganda, uning daromadi 5 mln. soʻmni tashkil etsa, u mazkur daromadining 8 baravari, yaʼni 40 mln. soʻmdan ortiq miqdorda isteʼmol kreditlari va (yoki) mikroqarzlar ololmaydi.
Mazkur talab yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar va taʼlim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.