Davlat idoralariga byudjet hisobidan korporativ oʻtkazish taqiqlandi
Xodimlar oʻz oylik maoshlari hamda ragʻbat pullari hisobiga ishdan tashqari vaqtlarda Yangi yil bayrami tadbirlarini tashkil etishi mumkin.

Hukumat qarori bilan davlat idoralariga byudjet hisobidan Yangi yil korporativlarini oʻtkazish taqiqlandi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori eʼlon qilingan. Unga koʻra vazirliklar, idoralar, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda davlat ulushi 50 foizdan kam boʻlmagan xoʻjalik birlashmalariga byudjet va undan tashqari mablagʻlar hisobidan Yangi yil bayrami munosabati bilan korporativ tadbirlar oʻtkazish hamda bayram dasturxonini yozish man etildi.
Bu taqiq aynan byudjet mablagʻlari va undan tashqari mablagʻlarni sarflamaslikka qaratilgan.
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari oʻz oylik maoshlari hamda ragʻbat pullari hisobiga ishdan tashqari vaqtlarda Yangi yil bayrami tadbirlarini tashkil etishlari mumkin.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yillarda ham byudjet hisobidan korporativlar oʻtkazish taqiqlangandi.