platina.uz
Maqola

Ochilmagan sirlar. Teleportatsiya: mistik tasavvurdan kvant laboratoriyasigacha

Agar hozircha teleportatsiya ilm-fan chegarasiga sigʻmayotgan boʻlsa – ilm-fan chegarasini kengaytirishga toʻgʻri keladi – xuddi aka-uka Raytlarga oʻxshab!..

Ochilmagan sirlar. Teleportatsiya: mistik tasavvurdan kvant laboratoriyasigacha
Fotokollaj: Platina.uz

Odamzotga makondan-makonga koʻchish uchun faqat oʻz oyoqlariga tayanib erishish imkoniyati berilgan xolos. Oʻrdakka oʻxshab, ham suzib, ham ucha olmaymiz. Ammo bizga berilgan aqldan foydalanib, kema va samolyotlar ixtiro qildik.

Lekin yana bir xislatni zabt etishga hamon aqlimiz va texnologik imkoniyatlarimiz kamlik qilmoqda. Biz hamon uzoq masofani bir zumda bosib oʻta olmaymiz. Ammo bunga erishish uchun ilk qadamlar qoʻyilgan.

Ikki dunyo bir qadam boʻlgan zotlar

Tarixda va adabiyotda uzoq masofalarga bir zumda, koʻz ochib yumguncha borib-qayta oladigan odamlar va boshqa mavjudotlar haqida koʻp hikoyalar mavjud.

Ayniqsa, Sharqda soʻfiy avliyolar haqidagi hikoyalarda bu xislat oddiy bir qobiliyat sifatida qayd etilgan. Ayrim avliyolar bomdod namozining 2 rakat sunnatini uyda – Buxoroda oʻqisa, undan keyingi 2 rakat farzni Kaʼba oldida oʻqib qaytishgani haqida hikoyalar mavjud. Yana ayrim shaxslarni haj paytida Makkada yurganini koʻrgan hojilar, oʻz shaharlariga qaytishsa, bu odam 5-6 oy oldin ulardan oldin shaharga qaytib kelgani, yaʼni bir zumda Makkaga borib kelganiga guvohlik berishgan. Yana ayrim avliyolar bir vaqtning oʻzida 2 ta joyda boʻla olishgan. Yaʼni kimnidir tush payti Samarqandda koʻrishgan, ayni paytda oʻsha odam bilan Buxoroda suhbatlashgan odamlar guvohlik bergan. Sufiy rivoyatlarida bu “tayavvuʼ al-masofa” – masofani harakatsiz yengib oʻtish deyiladi. Aslini olganda, komillikka intilgan tasavvuf vakillari bu moʻʼjizalarga erishish uchun intilishmagan. Bu xislatlar ularning ibodatlari va ishonchlari ortgani bois paydo boʻlgan. Xuddi bosh ogʻrigʻini qoldirish uchun dori qoʻshimchasiga isitmani ham tushirgani kabi.

Hind matnlarida siddhilar “pramatti” – boshqa joyda toʻsatdan paydo boʻlish holatini tasvirlaydi. Injilda esa paygʻambar Avvakum sherlar gʻoridagi Doniyol oldiga bir zumda koʻchirib qoʻyiladi. Budda esa hayot yoʻllari haqidagi manbalarga koʻra, ibodatxonalar orasida teleportatsiya qilgan. Ammo bu holatlarni hozirgi mexanik fizika bilan izohlab boʻlmaydi. Bu – insonning lahzaviylikka boʻlgan sogʻinchidir.

Tabiatda muvozanat qatʼiy, ammo...

Albatta, tabiatda qatʼiy qoidalar va kuchlar muvozanati mavjud. Hamma narsaning chek-chegarasi bor. Biz “bir zumda keladi” deb oʻylaydigan quyosh nuri ham 8 daqiqadan soʻng Yer sayyorasiga yetib keladi. Chunki yorugʻlikning tezligi cheklangan – soniyasiga 300 ming km xolos.

Qolaversa, energiyaning saqlanish qonuni mavjud. Energiya cheksiz emas va uni olish ham “tekin” emas. Nimagadir ega boʻlish uchun, nimadandir voz kechmoq lozim. “Bordan yoʻq boʻlmaydi, yoʻqdan bor boʻlmaydi”, deydi hozirgi ilm-fan.

Lekin mavjud imkoniyatlardan foydalanib, maqsadga erishish mumkin. Masalan, texnologiyalar rivojlangani sari, inson avval tasavvur ham qila olmagan ishlar roʻy bermoqda.

Avvallari bitta xatni joʻnatish uchun albatta uni odam, ot yoki texnika orqali joʻnatib, javobini kunlab va oylab kutgan boʻlsak, hozir telefon, Internet (SMS, elektron pochta va chatlar) orqali Yer sharining narigi chekkasida turgan odam bilan ham soniyaning mingdan bir ulushlari chegarasida xat-xabar, tovush va tasvir almashyapmiz.

Avval bir kitobni boshqa odamga berish yoki nusxasini berish uchun ham juda koʻp amal bajarilgan, koʻp vaqt va pul sarflangan. Endi esa tom-tom elektron kitoblarni shunchaki nusxa olib, soniya ichida boshqa joyga joʻnata olamiz.

Tarixiy sirlar

Teleportatsiya hodisasi nafaqat qadimgi rivoyatlarda uchraydi. Balki yaqin oʻtmishda ham bunday gʻayrioddiy hodisalar hujjatlashtirilgan.

Masalan, 1912 yilda Italiyadagi Neapol vokzalida gʻaroyib hodisa roʻy bergan. Guvohlar politsiyaga xabar berishicha, bir erkak chipta olish paytida “yoʻqolib qolgan”. Uni 5 daqiqadan keyin 500 metr uzoqlikda, sarosimali holatda topishgan.

1950 yil, Nyu-York, Tayms-skver. XIX asr uslubida kiyim kiygan odam mashinalar orasida paydo boʻladi. Politsiya hisobotiga koʻra, uning hujjatidagi sana – 1876 yil qayd etilgan. Ertasi kuni gazetalarda sarlavha: “Vaqtlararo sakrashmi?” sarlavhali maqola chop etiladi. Zamonaviy fan buni oddiy va soddaroq qilib psixoz, amneziya (xotirani yoʻqotish, oʻxshash qiyofalar) deya tushuntiradi. Ammo “lahzaviylik” gʻoyasi yashashda davom etdi.

Qachon moʻʼjiza fizikaga aylandi

Yuqorida bunday voqealar mexanik fizika oʻlchamlariga sigʻmaydi dedik. Ammo kvant fizikasi koʻplab bunday hodisalarni tushuntirishga harakat qilgan.

Masalan, 1935 yilda Eynshteyn, Podolskiy va Rozen (EPR) nomi bilan mashhur boʻlgan paradoksni eʼlon qilishdi. Ular teleportatsiya haqida oʻylamagan ham edi – bu kvant mexanikasiga chaqiriq edi. Ammo aynan shu formula ilk bor shunday holatni tasvirladi: ikki zarra oʻzaro shu qadar bogʻlanganki, bittasidagi oʻzgarish ikkinchisida darhol aks etadi. Yaʼni ikkita “egizak” zarra bir-biridan milliardlab kilometrga uzoqlab ketsa ham, ulardagi manfiylik va musbatlik oʻzgarishi bir xil boʻladi va darhol yuz beradi. Bu oʻzgarish yorugʻlik tezligidan-da tezroq yuz beradi. Bu xuddi ikki egizakning biri Amerikada, boshqasi Hindistonda yashasayu, bittasining boshi ogʻrisa, ikkinchisida ham shu zahoti ogʻriq paydo boʻlishiga oʻxshaydi. Bunday bogʻliqlik va aloqa makon va vaqt chegaralaridan tashqarida yuz beradi goʻyo.

Shu tariqa kvant chalkashuvi gʻoyasi tugʻildi. Bu sehr emas. Bu yoʻqolish ham emas.

Bu – kelajak teleportatsiyasining fizik asosidir.

Ilk haqiqiy teleportatsiya

1997 yilda Insbruk universitetida shunday xulosalar olindi obʼekt koʻchmaydi. Uning kvant holati haqidagi axborot koʻchadi.

Foton A yoʻqoladi – uning holati foton B da “qayta yaratiladi”. Masofa muhim emas.

Bu “inson bir zumda Parijga yetib bordi” degani emas.

Bu “tanasi yoʻq joyda holat nusxasi paydo boʻldi” degani.

XXI asr portlashi: teleportatsiya kosmosga chiqmoqda

2017 yilda Xitoyda inqilobiy hodisa roʻy berdi – “Mo-szi” sunʼiy yoʻldoshi orqali fotonning kvant holati Yerdan orbitaga teleportatsiya qilindi.

2021 yilda esa, AQShning “Fermilab” laboratoriyasi kvant holatlarini koʻp kilometrli tolali tarmoq orqali uzatishga muvaffaq boʻldi.

2023 yil, Toronto universitetida bevosita signalsiz teleportatsiya tajribasi – faqat chalkashuv orqali amalga oshirildi.

Avval foton. Soʻng ionlar. Soʻng molekulalar. Soʻng esa toʻqima va odam!

Ertaga esa – kvant internet paydo boʻladi. Unda axborot sayohat qilmaydi – u shunchaki boshqa joyda paydo boʻladi.

Hozirda insonni teleportatsiya qilish uchun nazariy talablar ham topilgan, garchi ularni bajarish ayni davrda amri mahol boʻlsa-da.

Buning uchun quyidagilar kerak:

1. har bir atomning kvant holatini oʻqish (≈10²⁷ zarra),

2. nusxa hosil boʻlmasligi uchun asliy obʼektni yoʻq qilish,

3. tuzilmani kvant kanal orqali uzatish,

4. mos moddadan tanani qayta yaratish.

Lekin shunday savollar tugʻiladiki – fiziklar qizaradi, faylasuflar esa tabassum qiladi: agar xuddi fayldan nusxa olib joʻnatgan kabi, Eshmatdan ham nusxa olib, boshqa jyoga joʻnatsak, asl Eshmat va nusxasi qanchalik farq qiladi? Agar Eshmatning asli yoʻq qilinsa, nusxa paydo boʻlsa – u hamon Eshmat boʻladimi yoki mukammal nusxasi boʻladimi?

Umuman, shaxsiyat qayerda yashaydi – atomlardami yoki ong uzluksizligidami?

Moddani koʻchirish mumkinmi?

Xoʻsh, moddani butkul koʻchirish mumkinmi? Olimlarning aytishicha, mumkin, lekin aniqlik kiritish zarur: moddaning oʻzi emas, uning kvant yoʻriqnomasi teleportatsiya qilinadi.

Bu xuddi uyning oʻzi emas, balki chizmasi joʻnatilishiga oʻxshaydi. Atomlar xuddi gʻisht yoki LEGO boʻlakchasiga oʻxshaydi. Atrofimiz toʻla atom. Ularni va elektronlarni mos ravishda “tersak” (yoki mashina tersa!), har qanday moddani hosil qilish mumkin. Yaʼni har qanday atom moddani tuzish uchun mos keladi, asosiysi – tuzilmaning takrorlanish qonuniyatida.

Sodda qilib aytganda, buni “tana koʻchib oʻtdi” deb atalmaydi. Balki nusxa tana – asl tana chizmasi asosida “nol”dan yigʻiladi.

Yakuniy misralar: ilmiy qiyofaga ega orzu

Bugunga kelib, teleportatsiya moʻʼjizalik kategoriyasidan chiqa boshladi, lekin hali texnologiyaga aylanmadi.

U ostonada turibdi – 1750-yillardagi elektr kabi, 1980-yillardagi internet kabi.

Aka-uka Raytlar ilk samolyotni yasab, parvoz qilishidan 5 yilcha oldin jahon olimlari qatʼiy bir xulosaga kelishgan edi: inson hech qachon osmonda ucha oladigan texnika yarata olmaydi. Hozirgi ilmiy taraqqiyot buning uddasidan chiqmaydi! Lekin aka-uka Raytlar 100 yoki 1000 yilni kutib oʻtirishmadi, ular shunchaki osmonga koʻtirilishdi. Teleportatsiya borasida ham shunday qiyoslashni keltirish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, asosiy jihat oʻzgarmas qolmoqda: inson hamon masofani chetlab oʻtishni orzu qiladi, hali ham yoʻqolib, paydo boʻlishni istaydi, hali ham vaqtdan tezroq harakatlanishga intiladi.

Biz tanani koʻchirishni oʻrganmadik. Lekin reallik holatini koʻchirishni oʻrgandik.

Kuni kelib teleportatsiya ham odatiy holatga, ilm-fan chegarasiga sigʻadigan hodisaga aylanib qolsa, ne ajab. Agar hozircha teleportatsiya ilm-fan chegarasiga sigʻmayotgan boʻlsa – ilm-fan chegarasini kengaytirishga toʻgʻri keladi – xuddi aka-uka Raytlarga oʻxshab!..

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid