platina.uz
Maqola

Koʻrinmas front jangchilari. Josus malika – Nurunniso Inoyatxon

U soʻnggi daqiqalariga qadar xotirjamlikni saqladi va qoʻriqchilarga xotirjam murojaat qildi, bu hatto nemis zobitlarini ham hayratda qoldirdi.

Koʻrinmas front jangchilari. Josus malika – Nurunniso Inoyatxon

Razvedka olamida sir, afsona va fojia bilan burkangan koʻplab matonat egalari bor. Ammo baʼzi nomlar tarix zulmatida jasorat va fidoyilik mayoqlari kabi porlaydi. Ulardan biri – Nurunniso Inoyatxon boʻlib, uning taqdiri XX asr boʻronlari bilan chambarchas bogʻliq va hayoti jasorat hamda ozodlik gʻoyalariga sadoqat ramziga aylangan. Uni "josus malika" deb ham atashgan.

Nurunniso haqidagi filmdan lavha.

Olmaning tagiga tushgan olma

Hindistonlik musulmon malika Nurunniso Inoyatxon 1914 yil 1 yanvarda Londonda hind ota va amerikalik ona oilasida tugʻilgan. Nur oʻz vatanidan uzoqda – Fransiya va Buyuk Britaniyada oʻsgan, u yerda taʼlim olgan va bir nechta tillarni ravon oʻzlashtirgan.

Nurning biografi aytganidek, u "har qanday istilo gʻoyasiga qarshilik koʻrsatgan". Uning katta bobosi Tipu Sulton XVIII asrda Maysorning musulmon hukmdori boʻlgan. U Britaniya hukmronligiga qarshi isyonga boshchilik qilgan va 1799 yilda jangda halok boʻlgan.

Kezi kelganda aytish joiz, Gʻarb mediasi targʻib qilganidek, Hindiston –Mahatma Gandining oq matoga burkanvolib, uyida tinchgina sabotaj qilishi bois Britaniya istibdodidan qutulmagan. Hindiston aynan bu yerdagi musulmonlarning faol qurolli isyonlari bois kishanlardan ozod boʻldi. Ammo hind millatchilari va Gʻarb mediasi musulmonlarning mustaqillikdagi hissasini pasaytirish va kelgusida yangi isyonlar uchun “motivatsiya” bermaslik, goʻyoki zulm va istibdoddan tinchgina qutulish mumkinligiga ishontirish maqsadida Mahatma Gandini ilgari planga sura boshlagan.

Bunday “oʻyin” AQShda qora tanlilarning teng huquqlar uchun kurashida ham namoyon boʻldi. Aslida Malkolm Iks kabi jangovor daʼvatchilar va “Islom millati” tashkiloti hamda “Qora yoʻlbars” guruhlarining faol kurashi soya ostida qoldirilib, tinchgina norozilik bildiruvchi, “zulmga qarshi faqat otashin nutqlar bilan kurashish kerak”, deya uqdirgan Martin Lyuter Kingga ortiqcha urgʻu berildi va ulugʻlandi.

Nur Inoyatxonning ajdodi, shahzoda Tipu Sulton.

Ziyoli oila

“Josus malika” Nurning otasi isteʼdodli musiqachi va hurmatli soʻfiy ilohiyotshunos edi. Xon farzandlari diniy bagʻrikenglik va har qanday zoʻravonlikka nafrat ruhida tarbiyalangan. Nurning eng katta nafrati – bosqinchilik edi. Uning bir paytlar oʻzbek hukmdori – Boburiylar davlati shukuhini davom ettirgan bobokaloni Britaniya mustamlakachilariga boʻysunishdan bosh tortganini ham esga olish joiz.

Nur ham, otasi singari, musiqa bilan jiddiy shugʻullangan.

Nur Parijda maktabni tugatgandan soʻng, u hayotini tibbiyotga bagʻishlashga qaror qildi va hamshiralik tibbiyot kollejiga oʻqishga kirdi. Xon juda koʻp qirrali inson edi. Shu bois bir vaqtning oʻzida musiqa va adabiyotni chuqur oʻrgandi. Urush boshlanishidan sal oldin “Le Figaro” nashri Nur tomonidan moslashtirilgan bir qator hind xalq ertaklarini nashr etdi.

1939 yilda, Yevropa Ikkinchi jahon urushi alangasida kuchayganida, Nur Fransiya Qizil xochiga qoʻshildi va frontga borishni rejalashtirdi. Lekin Germaniya tezda Fransiyani egallab oldi hamda Nur va uning ota-onasi xavfsizroq Londonga qaytishga majbur boʻlishdi.

Harbiy xizmatning ilk kuni.

Harbiy xizmat davri

Ammo hatto Londonda ham Nur qoʻl qovushtirib oʻtirishga rozi boʻlmadi va darhol Ayollar yordamchi havo kuchlariga qoʻshildi. U yerda u dushman ustidan gʻalaba qozonishga hissa qoʻshishni orzu qilgan boshqa yuzlab qizlar kabi harbiy radiooperator boʻlib ishladi.

Fransuz tilida ravon soʻzlashuvchi Nur Maxsus operatsiyalar boshqarmasi eʼtiborini tortdi. Nurning benuqson tarjimai holi bois razvedka xizmati uni urush ortidagi missiya uchun ideal nomzod degan fikrga keldi. Radioaloqa operatori Nur Inoyatxon 1942 yilda razvedka xizmatiga qoʻshildi va unga harbiy laqab – Nora Beyker nomi berildi. Shuni taʼkidlash kerakki, uning rahbarlari uni mutaxassis sifatida juda past baholagan. Ularning nazdida Nurning yagona ijobiy fazilatlari – uning mehnatsevarligi va fransuz tilini bilishi edi.

Fransiyadagi josuslik davri.

Nur 1942 yilda natsistlar tomonidan bosib olingan Parijga "Madlen" soxta ismi ostida Qarshilik harakati radio operatori sifatida ish boshladi. Uning vazifasi “Prosper” maxfiy guruhi va chet eldagi boshqa guruhlarning ishini muvofiqlashtirgan Markaziy boshqaruv markazi oʻrtasida aloqani taʼminlash edi. Aynan shu guruhga Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill "Yevropaga oʻt qoʻyish" vazifasini yuklagan.

Masʼuliyat va matonat

Nurning vazifasi nihoyatda xavfli edi: u deyarli qurolsiz ishladi, nemis politsiyasidan qochib, radio orqali maxfiy xabarlarni uzatdi. Nurunnisoning jomadoniga yashirgan kichkina koʻchma radio uzatgichi bor edi va Nur bir necha soat davomida xabarlarni charchamasdan uzata olishi uni hamkasblari orasida afsonaga aylantirdi.

Bir necha oy davomida jasur malika bu xavfli va masʼuliyatli ishni bajardi. Ammo keyin guruhga natsistlar agenti xufyona suqilib kirib olgani maʼlum boʻldi. Nur va safdoshlariga Angliyaga evakuatsiyani tashkil qilishni taklif etishdi. Lekin ular operatsiyani toʻxtatishdan qatʼiyan bosh tortishdi. Qizlar hayotlarini xavf ostiga qoʻyib boʻlsa-da, ishlarini davom ettirishdi.

Koʻp vaqt oʻtmay, natsistlar birin-ketin xufyona guruh aʼzolarining barchasini hibsga ola boshladi. Nur guruhga oʻzi rahbarlik qilishga majbur boʻldi. Jasoratli qiz turar joyini, chaqiruv belgilarini va hujjatlarni almashtirib, uch oy davomida har kuni hayotini xavf ostiga qoʻyib yashadi.

Ammo, afsuski, bir kuni “Gestapo” agenti uni ham topib keldi va qoʻlga oldi.

Jasorat malikasi

Soʻroqlar va qiynoqlardan soʻng, zaif ayol jallodlarning biror-bir savoliga javob bermadi. Nur va sheriklari Germaniyadagi Pforzgeym qamoqxonasiga joʻnatildi. U yerda eng tajribali qiynoqqa solish ustalari ularni "sindirishga" harakat qilishdi. Nur sovuq va zax kamerada saqlanar, devorga zanjirband qilib qoʻyilar va har kuni qiynoqqa solinib, kaltaklanardi. Lekin Nur birorta ham sheriklarini sotmadi. Konslager sobiq mahbuslarining soʻzlariga koʻra, u boshqa mahbuslarning kayfiyatini koʻtarishga uringan, oxirgi nonini ular bilan baham koʻrgan va tinchlantirgan, ularga insoniyliklarini saqlab qolishga yordam bergan.

Nur ikki marta qochishga urinib koʻrdi, ammo qoʻlga tushib qoldi. Shundan soʻng uni "oʻta xavfli, qochishga moyil mahbus" deb belgilashdi. Undan iqrornoma olishning imkoni boʻlmasa-da, uni oʻldirishga qaror qilishdi. 1944 yil sentabr oyida u yana uch nafar xufyona tashkilot ayollari bilan Daxau oʻlim lageriga olib ketildi.

“Daxau” konslagerining darvozalari.

Nurunniso soʻnggi daqiqalariga qadar xotirjamlikni saqladi va qoʻriqchilarga xotirjam murojaat qildi, bu hatto nemis zobitlarini ham hayratda qoldirdi.

13 sentabr kuni nemis ofitseri Vilgelm Ruppert uni shafqatsizlarcha kaltakladi va ensasiga oʻq uzib oʻldirdi.

Nurning oʻlimidan oldingi oxirgi soʻzi "Ozodlik" (Liberté) boʻlgani aytiladi. Qahramonning jasadi darhol konslager krematoriyasida kuydirilgan.

Oʻlimidan keyingi eʼtirof

Nur Inoyatxonning qahramonligi Britaniya va Fransiya hukumatlari tomonidan eʼtirof etildi. Parijda u vafotidan keyin “Harbiy xoch” ordeni, Buyuk Britaniyada esa “Avliyo Georgiy xochi” ordeni bilan taqdirlandi. Fransiyada Nur xotirasiga atab ikkita yodgorlik oʻrnatildi.

Bundan tashqari, Londondagi 1 maktab uning nomi bilan ataladi, uning hayoti va qahramonliklarga boy hayoti haqida muntazam tadbirlar va koʻrgazmalar oʻtkazib turiladi. U ishlatgan radiouzatgich Buyuk Britaniyadagi Milliy maxsus operatsiyalar muzeyida urushdagi jasorat va ayol matonatining ramzi sifatida koʻrgazmaga qoʻyilgan.

Malikaga oʻrnatilgan yodgorlikni malika ochdi

2012 yilda esa Londondagi “Gordon Skver Gardens” maydonida kamtarona byust oʻrnatildi. Britaniya poytaxtida har yili koʻplab yodgorliklar paydo boʻladi, ammo bu yodgorlikning ochilishi alohida eʼtiborni tortdi. Chunki uni qirolicha Yelizaveta Ikkinchining toʻngʻich qizi malika Anna ochgan. Bu mutlaqo mantiqqa mos va oʻrinli, chunki yodgorlik hind malikasining xotirasiga bagʻishlangan edi.

Londondagi Nur Inoyatxon haykali.

Nur Inoyatxon oʻzining qisqa umrini Yevropada oʻtkazganiga qaramay, hind va musulmonlar u bilan faxrlanishadi. Adib Shrabani Basu malika hayoti haqida "Josus malika: Nur Inoyatxonning hayoti" nomli tarjimai hol yozgan va bu asar asosida badiiy film suratga olingan.

Nurning qahramonlik qissasi nega muhim?

Axborot urushi, maxfiy operatsiyalar va razvedka agentliklari oʻrtasidagi raqobat global siyosatning bir qismi boʻlib qolayotgan hozirgi dunyoda, bu qahramonlarning hikoyalari bizga ibrat boʻladi. Har bir agent ortida oʻz qoʻrquvi, umidlari va tanlovlariga ega inson turganini eslashga yordam beradi.

Nurunniso Inoyatxon jasorat va ideallarga sadoqat – oddiy odamni afsonaga aylantirishi mumkinligiga misoldir. Uning hayoti yana koʻp yillar davomida yosh avlodlar uchun jasorat, fidoyilik va matonat sabogʻi boʻlib qoladi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid