platina.uz
Siyosat

Yaponiyada Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtadi

Prezident Nara shahri meri Gen Nakagavani qabul qildi. Samarqand va Nara shaharlari oʻrtasida birodarlik munosabatlari oʻrnatilgani yuqori baholandi. 

Yaponiyada Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida Nara shahri meri Gen Nakagavani qabul qildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida urgʻu bergan holda hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻtmishi uzoq aloqalarga ega boʻlgan Samarqand va Nara shaharlari oʻrtasida birodarlik munosabatlari oʻrnatilgani yuqori baholandi. Samarqand koʻp asrlar davomida Buyuk ipak yoʻlining markazi, Yaponiyaning qadimgi poytaxti Nara esa uning sharqiy darvozasi boʻlgani taʼkidlandi. Bu shaharlar sivilizatsiyalar oʻrtasidagi madaniy koʻpriklar vazifasini bajarib, xalqaro savdo va bilim almashinuvini rivojlantirishda muhim rol oʻynagan.

2027 yilda Nara milliy muzeyida namoyish etiladigan Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga bagʻishlangan arxeologik koʻrgazmaga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligi taʼkidlandi. Ushbu loyiha Oʻzbekiston – Yaponiya diplomatik munosabatlari oʻrnatilganining 35 yilligi sharafiga oʻtkaziladigan yirik madaniy tadbir boʻladi.

Gen Nakagava ikki mamlakat va xalqlar oʻrtasidagi abadiy doʻstlik hamda madaniy va tarixiy yaqinlik ramzi sifatida Nara shahridagi yangi bogʻlardan biriga Samarqand nomini berishga qaror qilinganini eʼlon qildi.

Suhbat davomida ikki birodar shahar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini faol rivojlantirish hamda qishloq xoʻjaligi, turizm, toʻqimachilik, transport, logistika va shaharsozlik kabi sohalarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid