Tojikistondan olib kelingan 100 kgdan ortiq narkotik modda toʻxtatib qolindi
Bulungʻurda yashovchi shaxslar giyohvand moddalarini kelgusida sotish maqsadida xufiya joyga yashirib qoʻygan.

Tojikistondan olib kelingan 100 kgdan ortiq narkotik moddalar toʻxtatib qolindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari va Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda Bulungʻur tumanida yashovchi, 1996 va 1997 yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs 79 kg 358 gr “opiy” moddasini Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimizga olib kelib, kelgusida sotish maqsadida xufiya joyga yashirib qoʻyganliklari aniqlandi va ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, 1996 y.t. qonunbuzarning koʻrsatmasi asosida, muqaddam dala maydoniga yashirib qoʻyilgan 1 kg 953 gr “metamfetamin” sintetik narkotik moddasi ham olindi.
Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 1994 va 1997 yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs va Tojikiston Respublikasining Tursunzoda tumanida istiqomat qiluvchi, 1997 y.t. Tojikiston fuqarosi davlat chegarasini buzgan holda, 30 kg 357 gr “opiy” moddasini mamlakatimiz hududiga olib oʻtgan vaqtlarida Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, ular tojikistonlik narkosavdogarga tegishli ushbu zahri qotilni maʼlum bir haq evaziga belgilangan manzilga yetkazib berishlari kerak boʻlgan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur giyohvandlik vositasining buyurtmachisi hisoblangan – Denov shahrida yashovchi, 1986 y.t. shaxs ham qoʻlga olindi.
Hozirda har ikki holat boʻyicha Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qonunbuzarlarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
DXX avvalroq Navoiy davlat universiteti mansabdori ushlagandi.
U OTM binosini taʼmirlagan MChJdan taʼmagirlik yoʻli bilan 35 mln soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.