Sehrlandiya: ilk 3D multfilm premerasi boʻlib oʻtdi
Uning birinchi namoyishida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva oʻgʻli bilan ishtirok etdi.

Milliy kino sanʼati saroyida "Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi" multfilmi premerasi boʻlib oʻtdi. Unda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva oʻgʻli bilan ishtirok etdi.
"Bolani aldab boʻlmaydi. Ular yolgʻonni ham, haqiqatni ham darrov his qiladi. Agar bola ekrandan koʻz uzmay oʻtirgan boʻlsa — demak, ijodkor oʻz ishini chin dildan qilgan. Shu maʼnoda, bu multfilm bolalarning qalbidan joy olganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim.
Oʻzbekiston tarixida ilk bor 3D formatda ishlangan toʻliq metrajli animatsion film — bu birinchi qadam. Lekin eng muhimi — bu qadam tashlandi. Ona sifatida aytaman: bolalarimiz oʻz tilida, oʻz ruhiyatiga yaqin, zamonaviy multfilmlarni koʻrib ulgʻayishi juda muhim", dedi Saida Mirziyoyeva.

Multfilm Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasiga asosan tayyorlandi. Multfilm rejissyori Azimjon Rahimjonov. Multfilmda taniqli aktyorlar Boir Xolmirzayev, Behzod Muhammadkarimov, Alisher Uzoqov, Shahzoda Muhammadova, Abdurahim Abdukarimov, Ulugʻbek Shodibekov, Jahongir Xoʻjayev, Badriddin Husniddinov, Sobirjon Rahimjonov kabilar ovoz bergan.
Multfilmni 25 dekabrdan boshlab Oʻzbekiston kinoteatrlarida tomosha qilish mumkin.